Markaziy Kengash xodimlari “Fidoyi yoshlar” otryadiga ko‘makka chiqdi

30-sentabr, shanba. Kechasi yog'gan yomg‘ir pisand bo‘lmadi. Erta tongdan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi binosidan 2ta avtobus yo‘lga chiqdi. Ulovlar Markaziy Kengash xodimlari, quyi tashkilotlar vakillari bilan liq to‘la.

Xodimlarning kayfiyati a’lo. To‘g‘rida, Respublikaning barcha hududlarida ming-minglab yoshlar xirmonga baraka qo‘shayotgan ayni muhim pallada ularning yonida, egatga tushib, qo‘llab-quvvatlashning ham o‘z gashti bor. 

Ezgu niyatlar manzilni yaqinlashtirdi. Ko‘p o‘tmay, avtobus Yuqori chirchiq tumanida qiyg‘os bo‘lib ochilgan paxta dalasida to‘xtadi. Yoshlar yetakchilari xushchaqchaq kayfiyatda egatlarga tushishdi. Qarangki, birinchi marta egat oralagan yoshlar ham topildi. Nima ham derdik, paxta terishning gashtini his qilmay yashash adolatdan bo‘lmaydi...


Eng qizig‘i, keyinroq boshlandi. Rahbariyat eng ilg‘or terimchini taqdirlashi haqida e’lon qilganida сhaqqon terimchilar ko‘paydi. Tarozibon paxtalarni o‘lchashga zo‘rg‘agina ulgurdi. Markaziy Kengash raisi o‘rinbosari bu gal tarozibon vazifasida. Yuqori chirchiq tumani Kengashi raisi esa oshpaz rolida.

Kun peshindan oqqanda g'alvir suvdan ko'tarildi. O‘rtacha 40-50 kg terilgan paxtalar "Тoma-toma ko‘l bo‘lur", deganlaridek tog‘ bo‘ldi. Hammasi ajoyib, yetakchilar xirmonga baraka, “Fidoyi yoshlar” otryadi terimchilarini qo‘llab-quvvatlashganidan shod.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy Kengash va quyi tashkilotlar xodimlari 1-oktyabr kuni ham hasharda bo‘lishadi.

Foto: Rustam Nazarmatov