logo
. . .

Ittifoq yosh fermer qizga 1,5 mlrd imtiyozli kredit olishga ko‘maklashadi

Ittifoq yosh fermer qizga 1,5 mlrd imtiyozli kredit olishga ko‘maklashadi...Yoxud 110 gektar yerning “duosi”ni olgan o‘zbek qizi ko‘ngil kechinmalari haqida...

Bugungi kunda yurtimizda yosh fermer va tadbirkorlarga misli ko‘rilmagan darajada imtiyoz va rag‘batlar berilayotgani minglab yoshlarimiz qatori navoiylik 24 yoshli fermer Nargiza Mamajonovani ham quvontiradi.

Hozirgi kunda yosh fermer 110 gektar yer maydonida dehqonchilik qiladi. Paxta, g‘alla ekib, yetishtiradi. Bog‘dorchilik, baliqchilik, pillachilik kabi ko‘p tarmoqli faoliyatni yo‘lga quygan.

Eng quvonarlisi shuki, u shijoatli va mehnatsevar o‘zbek ayoli sifatida atrofdagilarga namuna ko‘rsatib, bugungi kunda takroriy ekinda 22 gektar yerga sabzi, sholg‘om, qizil lavlagi ekib, yurtimiz dasturxoni va bozorlarida mahsulotlarni yetkazib berishda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Kuni-kecha ushbu yosh fermer “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti” bilan taqdirlandi.

— Men “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti”ni galdagi qilinadigan ishlarimga berilgan rag‘bat deb bildim. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi ko‘magida 1,5 mlrd so‘m miqdorida tijorat banklaridan kredit olib, faoliyatimni kengaytirish hamda yana 10 nafar tengdoshimni ish bilan ta’minlash niyatim bor. 
Ittifoq mukofoti o‘zimga bo‘lgan ishonchni ming karra oshirdi, — dedi Nargiza Mamajonova.

Nargiza Mamajonova nafaqat yosh fermer balki, oilada ham namunali uy bekasi, orasta kelin. Uning mehnatsevarligiga havas qilmaslikning iloji yo‘q.

Nima ham derdik, Nargiza Mamajonovaga vatanparvarlik va fidoyilik mansabi muborak bo‘lsin!

Qo‘shimcha ma’lumot: Nargiza Mamajonova mehnat faoliyatini 2012-yilda Karmana tumanidagi “Sevoltepa ravnaqi” fermer xo‘jaligi huquqshunosligidan boshlagan.

2013-yilda “Obod turmush kelajagi” fermer xo‘jaligini tashkil etgan bo‘lib, bugungi kunda fermer xo‘jaligi ixtiyorida 110 gektar yer maydoni mavjud. 15 nafar odam doimiy ish bilan ta’minlagan.

2017-yilda paxta yig‘im terimida “Fidoyi yoshlar” otryadida ham faollik ko‘rsatgan.

2014-yilda Xalq deputatlari Karmana tumani Kengashi deputatligiga saylangan.

U qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, bolalar bog‘chalari va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 13 million so‘m mablag‘ bergan va 24 tonna bug‘doyni homiy sifatida tarqatgan.

Yosh fermer xo‘jaligini yanada rivojlantirish, jumladan intensiv bog‘ yaratish, naslli chorvachilikni yo‘lga qo‘yish, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun zamonaviy muzlatkichli omborxona qurish borasida turli loyihalar ishlab chiqmoqda.

E'lon