logo
. . .

Nusratullayev Abdulxay

"Shuhrat" medali sohibi

Navoiylik 21 yoshli yigitcha Yoshlar ittifoqi ko‘magi bilan mashhur tadbirkorga aylandi!

Qiziq, u ishni nimadan boshlagan?

Bu yosh tadbirkorni butun viloyat taniydi.
U 2016-yildan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

2016-yilda “Yosh tadbirkor — yurtga madadkor” tanlovining Respublika bosqichida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, foizsiz kredit olishga erishgan.

Hozirgi kunda “Yangi avlod textile” oilaviy korxonasi rahbari. Turli tashkilotlar va muassasalar uchun maxsus kiyimlarni ishlab chiqaradi.

2017-yil “Yangi avlod textile” oilaviy korxonasini kengaytirish maqsadida sanoat qurilish bankidan 48 mln. so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit olib, ichki bozorlarda erkaklar uchun turli xildagi kiyimlar ishlab chiqarmoqda.

Olingan foyda hisobidan tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida bedanachilik faoliyatini ham yo‘lga quydi. Hozirda bedanalari soni 2000 tadan ziyod.

Nusratullayev Abdulxay bugungi kunda 11 nafar mahalliy xotin-qizlarni ish bilan ta’minlagan. Shulardan 5 nafari kasb-hunar kolleji bitiruvchisi.

Hozirda parrandachilik sohasini yanada kengaytirib, inkubatsiya tashkil qilish va mahalliy yoshlarni ham tadbirkorlikka jalb etish loyihasi ustida ishlamoqda.

Yosh tadbirkor 2017-yilda Prezidentimiz tomonidan ”Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

— Karmana tumanidagi “Uyrot” MFY ga qarashli binoda 400 ming so‘mga ijara to‘lab, ish faoliyatimni olib borardim. Chekka hududda joylashgan bino bo‘lganligi sababli xaridorlarga noqulaylik tug‘dirardi. 2017-yil avgust oyida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi va taklifi bilan “Yoshlar markazi”ga faoliyatimni ko‘chirdim. Eng qizig‘i, mendan umuman ijara haqi so‘rashmadi. Buni faoliyatimga berilgan rag‘bat va ishonch deb bilaman. Ayni damda yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga qiziqtirish maqsadida ta’lim muassasalarida mahorat darslarini ham tashkil etib kelmoqdaman. 2018-yilda 300 mln. so‘m miqdoridagi kredit olib, tadbirkorlik faoliyatimni kengaytirmoqchiman. Biz yosh tadbirkorlarga berilgan imtiyozlardan, albatta foydalanaman. Prezidentimizga ming rahmat, — deydi Abdulxay Nusratullayev

Abdulxay hozir 21 yoshda. Lekin uning g‘ayrati va shijoati havas qilarli darajada. Shunday ilg‘or va tashabbuskor yoshlari bor ekan, O‘zbekiston kelajagi biz kutgandek bo‘lishiga shubha yo‘q.

E'lon