logo
. . .

Qo'llari harakatsiz qolgan qiz oyoqlari bilan rasm chiza boshladi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Payariq tuman Kengashi Zuhraning holidan doimiy xabar olib, o‘qishi va rasm chizishi uchun zarur vositalar bilan ta’minlab kelmoqda

 

Ba’zida to'rt muchasi sog‘lar ham bir ishni uddasidan chiqmay, imkonsizligidan noliydi. Omadsizligiga kimnidir aybdor deb biladi. Ammo shunday odamlar borki, imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, o‘zgalarni va o‘z hayotini go‘zal va mazmunli o‘tishi uchun jasorat ko‘rsatadi. Samarqand viloyati Payariq tumani Qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Zuhra Usmonova ham ana shunday yoshlardan.

Zuhra bolaligidan og‘ir xastalikka chalinib qoladi. Unga bosh miya falaji, bolalar serebral falaji deya tashxis qo‘yib, davolaydilar. Ammo foyda bo‘lmaydi. Zuhraning qo‘llari harakat qilishdan to‘xtaydi.

To‘satdan kelgan bu musibatni qahramonimiz mardlarcha qabul qiladi. Nolib, tushkunlikka tushib qolmaydi. Hayotni sevishda davom etadi.

Tasviriy san’atga bo‘lgan ixlosi sabab, oyoqlari bilan rasm chiza boshlaydi. Dunyoni yorqin ranglarda ko‘ra olgan Zuhraning san’at asarlari insonni o‘zga bir olamga olib kirgandek bo‘ladi. Tasvirlari go‘zal va hayratomuz!

—Inson har lahzasini qadrlashi kerak. Men har bir soniyamdan unumli foydalanaman. Har daqiqa bizga berilgan imkon. Ular qaytib kelmaydi. Do‘stlarimga ham vaqtni qadrlang, deyman. Yana shuni aytamanki, “qila olmayman” degan so‘zni aytmang. O'zingizga ishoning va albatta o‘ylaganingizni amalga oshiring. Men boshqalar kabi emasman, ammo bu boshqalar kabi yashashimga xalal bermaydi, — deydi yosh musavvir.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Payariq tuman Kengashi Zuhraning holidan doimiy xabar olib, o‘qishi va rasm chizishi uchun zarur vositalar bilan ta’minlab kelmoqda.

E'lon