logo
. . .

Sevara Ostonova

Bolgariyadan ham yorug’ yuz bilan qaytamiz!

Yoshlar – yurt ertasi, millat ishonchi, kelajak egalari. Mustaqillikning ilk kunlaridanoq mamlakatimizda har tomonlama yetuk avlodni tarbiyalashga davlat siyosatining ustuvor  yo‘nalishi sifatida e’tibor qaratilayotir.

Ayniqsa, bugungi yoshlarning bilim cho‘qqilarini egallab, dunyo miqyosida o‘z iqtidorlarini namoyon etishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Qorako‘l tuman 1-son ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatida chin ma’noda istiqlol umidlari – mustaqillikning barcha ne’matlaridan bahramand bo‘lib o‘sayotgan, qalbi orzu-umidlarga to‘la bilimli va baxtiyor yoshlari cheksiz imkoniyatlardan unumli foydalanib, kamolga yetmoqdalar, desak adashmagan bo‘lamiz.

Maskanda intiluvchan, salohiyatli, iqtidorli o‘quvchilar bisyor. Ularning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi, intilishi, harakat va izlanishlari kishini quvontiradi. Hindistonning Lakhor shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro matematika fan olimpiadasida maktab-internatning to‘rt nafar o‘quvchisi yuksak natijalarga erishdi. Jami 41 davlatdan qatnashgan o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida kechgan murosasiz bahslarda ular birinchi va ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, yurtimiz sharafini himoya qilishdi. Mаna shunday bilim sohib va sohibalari ichida Sevara Ostonova ham oltin medal egasi bo'ldi.

— Hindistonda erishgan muvaffaqiyatimiz endi bizni Bolgariyada kechadigan shunday bahslarga chorlamoqda. Yutuqlarimizning yuksak ummoni biz uchun ulkan mas’uliyat va olg‘a intilishimiz garovi bo‘lib xizmat qiladi, deb o‘ylayman. Zufar O‘dayev, Shernazar Salomov, Quvondiq Yangiyev, Jahongir Mirzaqulov, Rafiq Qodirov kabi ustozlarimizning bizga jonkuyarlik bilan sidqidildan bergan ta’limlari samarasi bu, albatta, — deydi oltin medal sohibasi Sevara Ostonova.

E'lon