logo
. . .

Sultonbek Mavlonboyev

Olov yordamida soch olish usulini kashf etgan bizning sartarosh

Hind kinoijodkorlarining «Uch savdoyi» filmini ko‘pchilik yoshlar yaxshi bilishadi. Bosh qahramonlardan biri Farhan suratkashlikka mehr qo‘yadi. Farzandini injener qilish maqsadida nufuzli kollejda o‘qitayotgan otasining istagiga qarshi boradi. «Noshud injener bo‘lgandan ko‘ra, o‘zim qiziqqan kasb bilan shug‘ullansam, nima qipti?» deydi u.

Sultonbek bilan suhbatlashyapman-u, beixtiyor shu filmni esladim. Axir Rossiyadagi avtomobil yo‘llari institutiga o‘qishga qabul qilingan, yillik shartnoma puli to‘langan, ikki oy tahsil olgan yigit «Men bu yerda o‘qimayman, sartaroshlik qilaman!» deya institutni tashlab ketsa, nima deyish kerak?

Bolaligidayoq ko‘nglida sartaroshlikka mehr kurtak otib ulgurgan edi. Uydan, maktabdan zerikdi, deguncha bobosi Muhammadjon sartaroshning ustaxonasiga oshiqardi. Odamlarning «Usta, rahmat, baraka toping!» degan minnatdorlik so‘zlari Sultonbekka juda yoqardi. Vaqt yugurik suvday gap. Asakadagi 57-umumta’lim maktabini tamomlab, kollejda tahsil olayotgan kezlarda har kuni Andijon shahriga – malakali sartaroshlardan hunar o‘rganishga shoshardi. Yigirma yoshida ustozi Fazliddin akadan duo olib, mustaqil ishga kirishdi.

Taraqqiyot davrida yashayapmiz, har sohada har kuni o‘zgarish. Yangicha yondashuv asosida ishlamasang, izlanmasang, orqada qolib ketaverasan. Ana shunday qat’iy talab bilan ishlayotgan professional sartaroshlar haqida eshitdimi, Sultonbekning halovati yo‘qoladi. Yangilikni o‘rganmaguncha ko‘ngli tinchimaydi. Toshkent shahridagi nufuzli o‘quv maskanlarida muntazam ravishda malaka oshirib boradi. Uch yildirki, O‘zbekiston sartaroshlar assotsiatsiyasi tomonidan turli hududlarda tashkil etiladigan amaliy seminarlarda trener sifatida mahorat darslarini o‘tmoqda.

– Soch insonning tashqi qiyofasini belgilovchi asosiy omillardan biri, – deydi u. – Shu jihatga e’tibor berish kerak. Avval bosh chanoqning tuzilishini, sochning yo‘nalishini o‘rganaman va forma tanlayman. Kishining yoshi, kiyinishiga qarab uslub yaratiladi.

O‘zbekiston sartaroshlar assotsiatsiyasi tomonidan ikki yil avval mamlakat miqyosida yirik tanlov o‘tkazildi. Sultonbek Mavlonboyev birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, birinchi darajali diplom sohibi bo‘ldi. O‘tgan yili Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida «Neva sohillari» xalqaro go‘zallik festivali tashkil etildi. Dunyoning yirik davlatlaridan professional sartaroshlar bellashdilar. 500 ga yaqin ishtirokchi orasida Sultonbek uchinchi o‘ringa munosib deb topildi. Tanlovda nomzodning zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirganligi, shakl yaratishga did bilan yondashuvi, tez va sifatli ishlashi asosiy jihatlar hisoblanadi. Hamyurtimiz maxsus moslamadagi olov yordamida soch olish usulini dadil qo‘llayotgan mutaxassis sifatida tilga tushdi. Soch to‘kilishining oldini olish borasidagi zamonaviy tajriba bugun xorijda keng qo‘llanilyapti.

Asaka shahrida Sultonbekning shinamgina sartaroshxonasi bor. Ertayu kech gavjum. Tevarak-atrofdan mijozlar kelishadi. Navbat kutib o‘tirgan odamlar bilan turli mavzularda suhbatlar bo‘ladi. «Farzandimni falon institutda o‘qitaman, falon soha mutaxassisi bo‘lishini xohlayman», degan mazmunda gap ketsa, Sultonbek «O‘g‘lingizning iqtidorini bo‘g‘mang, qaysi kasbga qiziqsa, sharoit yaratib bering», deydi ruhlantirib.

Nurillo NO‘MONOV,
jurnalist
 

E'lon