logo
. . .

Tadbirning boshi ezgu niyatda

Hayotda maqsad sari qadam tashlagan inson albatta ko‘zlagan manziliga yetadi, sabr-toqatni o‘ziga shior qilgan kishi oxir oqibat o‘z mukofotini oladi. Ana shunday tinib-tinchimaydigan fermer qizlarimizdan biri Zarina Jumanazarovadir.

Hayotda maqsad sari qadam tashlagan inson albatta ko‘zlagan manziliga yetadi, sabr-toqatni o‘ziga shior qilgan kishi oxir oqibat o‘z mukofotini oladi. Ana shunday tinib-tinchimaydigan fermer qizlarimizdan biri Zarina Jumanazarovadir.

Bu qizning siyratiga qarab qizlarga xos tortinchoq bo‘lsa kerak deb taxmin qilgan edik. Ammo qahramonimiz bilan yaqinroq tanishib, bu dilbar chehra ortida qat’iyat va shijoat, jasurlik hamda kuchli iroda namoyon ekanligini ko‘rdik. U Toshkent moliya institutining moliya-iqtisod fakultetida o‘qiydi, muntazam ravishda fan oyliklarida qatnashadi. Zarina tengdoshlaridan farqli o‘laroq, institutni tamomlab, kelajakda qaysi sohada ish boshlasam ekan, degan xayoldan butkul yiroqda. U allaqachon o‘z mehnat faoliyatini boshlab yuborgan tadbirkor yoshlardan. Qahramonimiz 2015-yilda yoshlikning zavqi va shijoati bilan “Qibray oltin meva” fermer xo‘jaligini tashkil etib yaxshi niyat bilan ish boshladi. 

– Qiz bola bo‘lganim uchunmi, fermer xo‘jaligini tashkil etishdan avval biroz cho‘chidim, – deydi Zarina. – Ammo o‘zimga bo‘lgan ishonch va ustozlarimning bergan bilimlariga tayanib, qat’iyat bilan ish boshladim. Inson qilgan ishni inson uddalay olar ekan. Eng muhimi, harakat bo‘lsa, bas. 

Maqsadi aniq, kelajak rejalari tayin Zarinani xo‘jalikda sira bo‘sh uchratmaysiz. Doim qandaydir yumush bilan band. 2015-yilda xo‘jalikdagi ishchilar soni doimiy 2 nafar kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2016-yilning yakuni bo‘yicha ularning soni doimiy 7 nafar kishiga yetdi. Qo‘l ostidagi xodimlar bilan suhbatlashib, ish sur’ati, kamchiliklar, kunlik rejalar xususida fikr almashadi. “Qibray oltin meva” fermer xo‘jaligi 10 gektar maydonni egallagan bo‘lib, bog‘dorchilik, sabzavotchilik, chorvachilik hamda parrandachilikka ixtisoslashgan.

Jumanazarova Zarina bog‘ oralariga ishlov berib, 90 bosti ekinlarni ekib kelmoqda. Xususan piyoz, sabzi, sarimsoqpiyoz ekinlarini ekib, ulardan yuqori hosil olib, el-yurt dasturxoniga arzon va sifatli mahsulotlarni yetkazib kelmoqda.

Shu jumladan kartoshkaning Pekas, Markiza navlarini ekib, 2015-yilda gektaridan o‘rtacha 30 tonnagacha hosil olib, shartnoma asosida Qurolli kuchlar oziq-ovqat bazasiga arzon narxlarda yetkazib berdi. Shuningdek, sabzining Mirzayi sariq, Mushaki navlarini va baqlajonning Gollandiyadan keltirilgan gibritlarini ekib, yuqori hosil olishga muvaffaq bo‘ldi.

Bog‘ qator oralariga qulupnayning Charli, Viktoriya navlarini sarimsoq piyoz bilan ekilib, plyonka ostida yetishtirilib, bozorlarda terminal asosida sotildi. 

“Qibray oltin meva” fermer xo‘jaligida 20 dona zotli qoramol va 50 bosh qo‘y mavjud bo‘lib, ulardan olinayotgan sut mahsulotlari Toshkent shahri aholisiga tortiq qilinib kelinmoqda. Olinayotgan tabiiy va foydali mahsulotlar mahalliy aholini oqsilga boy sut mahsulotlari bilan ta’minlashda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. 

Bundan tashqari, fermer xo‘jaligida qandolatchilik ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mahsulotlar Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Shirin dehqon bozorining savdo shaxobchasida sotilmoqda va el dasturxonini to‘ldirmoqda. 

2017-yil yanvar oyiga kelib, “Qibray oltin meva” fermer xo‘jaligi parrandachilik yo‘nalishini ham yo‘lga qo‘ydi. Joriy yilning so‘ngiga kelib, parrandachilikni yanada rivojlantirgan holda ularning sonini 4000 taga yetkazish rejasi tuzilgan. 

Fermer xo‘jaligining asosiy boyligi hisoblangan yerdan samarali foydalanib, qishloq xo‘jalik mahsulotlari tannarxini pasaytirib, aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida 2017-yil 400 tonna mevani yetishtirib, quritish uskunalarini sotib olish niyatida. 

Fermer xo‘jaligi aholining kam ta’minlangan qismiga qo‘lidan kelgancha beg‘araz yordam berib kelmoqda. Qibray tumanida bo‘lib o‘tadigan qurilish va obodonlashtirish, ta’mirlash ishlarida va boshqa tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda.

Tinib tinchimas Zarina Jumanazarova 2017-yil 23-24-fevral kunlari Samarqand viloyatida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Fermerlar kengashi tomonidan o‘tkazilgan “Yosh fermer-2016” ko‘rik tanlovining respublika bosqichida sovrinli o‘rin g‘olibi bo‘ldi.

Tanlagan kasbiga mehri tufayli yosh fermer qizning boshlagan ezgu ishlari yil sayin rivojlanib bormoqda. Biz Zarina Jumanazarovaga yurtimiz taraqqiyoti yo‘lidagi samarali mehnatlarida omad va zafarlar tilaymiz.

E'lon