“Yoshlar press klubi” ochildi!

Joriy yilning 30-avgust kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida O‘zbekiston Mustaqilligining 26 yilligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi PF-5106-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida “Yoshlar press klubi”ning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston yoshlar ittiqofi tashabbusi bilan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari, Yoshlar ittifoqining xodimlari, faol yoshlar hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimiz yoshlari hayotida ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni tezkor va sifatli yoritishda interfaol mediamaydonni tashkil etish orqali ijtimoiy muloqotni kuchaytirish, O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan vazifalar ijrosini tahlil qilish hamda yoshlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida obyektiv ma’lumotlarni jamoatchilikka yetkazish maqsadida “Yoshlar press klubi” tashkil etilmoqda.

Qolaversa, “Yoshlar press klubi” yoshlar masalalarini yoritishga qaratilgan konstruktiv muloqotlarni olib borish uchun tashkil etilgan mediamaydonda davlat boshqaruvi organlari, ekspertlik jamiyatlari vakillari, xorijlik va mahalliy mutaxassislar, OAV va jamoatchilik bilan ochiq muloqotlarni tashkil etadi.

“Yoshlar press klubi”ning taqdimot marosimiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Yoshlar” teleradiokanali YAJ direktori Madamin Safarov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi raisi Elbek Shukurov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining “Yosh ijodkorlar uyushmasi” NNT rahbari Mehrinoz Abbosova ishtirok etishi kutilmoqda.

Taqdimot davomida “Yoshlar press klubi”ning tashkil etilishi, faoliyati va istiqboldagi rejalari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining xalqaro hamkorlik sohasida amalga oshirayotgan ishlari, xususan, Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi hamda SHHTga a’zo davlatlarning bolalar san’at festivalidagi yurtimiz delegatsiyasining ishtiroki, mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan vatanparvar va fidoiy yoshlarni rag‘batlantirish haqida ma’lumot berildi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi kelgusidagi loyihalari bilan jamoatchilikni boxabar qilindi.

Qolaversa, muloqot davomida xorijiy mamlakatlar hamda yurtimiz yoshlaridan savollar, taklif va tabriklar kelishi kutilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, “Yoshlar press klubi” yoshlar mavzusidagi muammoli masalalar bo‘yicha ishonchli axborotlarni yoritish, press-konferensiyalar, brifinglar, seminarlar, davra suhbatlari va uchrashuvlarni o‘tkazish orqali kommunikativ maydonni yaratish hamda yoshlarning muammolari va ularning yechimlariga qaratilgan turli janr va shakllarda tahliliy ko‘rsatuvlar, teledebatlar tayyorlashga katta imkoniyatga ega richag sifatida maydonga chiqdi. Klub turli sohalardagi yoshlar hayotini o‘rganish, manfaatlarini himoya qilish va ular bilan jamaotchilikni tanishtirish borasida o‘ziga xos minbar bo‘ladi.