Ma’naviy jasorat egasi, zamonamiz qahramoniga 2 xonali kvartira, 2 ta zamonaviy tikuv mashinasi, eng yaxshi uy jihozlari taqdim etildi

Tanishamizmi...
Taqdir ekan, Narpay tumani Oqtosh shaharchasida istiqomat qiluvchi Sohiba Quvonovaning jismoniy imkoniyati sizu-biznikidan biroz farq qiladi. Bu qiz mohir tikuvchi. To‘g‘ri, uning har ikkala oyog‘i ham yo‘q. Biroq, taqdirning nasibasiga ko‘nib, to‘shakka yoki bo‘lmasa aravachaga suyanib qolmadi. Umrining har bir daqiqasini shiftga qarab termulib o‘tkazmadi.
Bu qiz haqida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi vakillari xabar topishganidan so‘ng, “yeng” shimarishdi. Viloyat hokimining eshigini taqillatishdi. Shukrki, hokim tashabbusga “labbay” deb javob berdi.
Ha, bu qiz hayotning mavjud qonunlarini “yorib” chiqdi. Sohiba Quvonova imkoniyati cheklanganlik hayotda insonning maqsadiga to‘siq bo‘lolmasligini isbotladi.
Uning qo‘lidan kelmaydigan ish deyarli yo‘q. Tikuvchilik hunari orqali butun mahallaga dong taratgan. Hamma uy yumushlarini o‘zi eplaydi. Suratlar bunga isbot. Onasi Zumrad opaga ba’zi sog‘lom farzandlar olib berolmagan “Raxmat”ni hadya qildi.
Kuni-kecha ushbu ma’naviy jasorat egasi Sohibaga Oqtosh shahridan 2 xonali kvartira, 2 ta zamonaviy tikuv mashinasi, eng zamonaviy uy jihozlari topshirildi.
— Menga butun dunyo havas qilishini xohlayman. Nogiron bo‘lganim uchun menga achinishlarini emas balki shu ikki oyog‘i yo‘q qiz shuncha ishlarni amalga oshiribdi, deb odamlarning hayratlanishini xohlayman. Menga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimdan, hukumatimdan minnatdorman, — deydi Sohiba Quvonova.
Endi Sohiba bemalol o‘zining tikuvchilik faoliyatini kengaytirishi, o‘z uyida farovon yashashi mumkin. To‘g‘rida, o‘ziga jasorat topa olgan ushbu qiz bundan-da ortiq e’tiborga loyiq.
Mana, zamonamiz qahramoni. Mana, O‘zbekiston yoshlar itifoqi va viloyat hokimining amaliy ishi...
Sohiba Quvonovaning harakatlariga bir razm solaylik va o‘zimiz uchun xulosa chiqaraylik!
Hayot kutilmagan tasodiflarga boy!!! Faqat biz bunga ishonishimiz kerak.