Namanganlik imkoniyati cheklangan qizning shijoati

O’zbekiston yoshlar ittifoqi Farg’ona vodiysining barcha viloyatlariga “Yoshlar poezdi” targ’ibot aktsiyasini uyushtirdi. Bu turneda tashkilot faollari, ziyolilar hamda o’zbek estrada yulduzlarining vakillari ishtirok etdi. Aytib o’tish joizki, viloyatlar bo’ylab safar chog’ida ushbu jamoa a’zolari eng chekka tuman, qishloq va mahalla aholisi bilan uchrashdilar.

Uchrashuv davomida aholi bilan suhbatlashib, ularning turmush tarzi bilan qiziqdilar, muammolari haqida so’rab-surishtirdilar va ularning yechimini topishga harakat qildilar.

Safar ishtirokchilari, shuningdek, qishloq yoshlariga turli mavzudagi kitoblar, sport inventarlari va boshqa qimmatli sovg’alar ulashib chiqdilar. Shunday fuqarolardan biri Namangan viloyati Cho’st tumani “Amfada” MFYda yashovchi 19 yoshli Nilufar Abdullaeva. U Namanganning eng chekka qishloqlaridan birida yashaydi.

Nilufar tug’ma nogiron – gapirmaydi va eshitmaydi. Biroq bu nuqson uning hamma qatori jamiyatning teng huquqli a’zosi bo’lishiga halal bermaydi. Nilufar o’qish-yozishni yaxshi biladi, chevarchilik kasbini puxta egallabgina qolmay, mahallaning qizlariga ham shu hunarni o’rgatib kelmoqda.

Nilufar Abdullaeva xonadoniga “Ummon” guruhining solistlari kirib kelganlarida uning xursandchiligining cheki yo’q edi. U yulduzlarni yuzidagi quvonch va qalbidagi shukronalik hissi bilan kutib oldi. Qo’shiqchi yigitlar Nilufarga kar-soqovlar uchun mo’ljallangan kitob sovg’a qildilar. Bu kitob qizga boshqa insonlar bilan imo-ishoralar bilan gaplashishni va bir-birlarini yaxshiroq tushunishni o’rgatadi. Sovg’a va yulduzlarning e’tiboridan ruhlangan Nilufar 4 ta tikuv mashinasini hadya qilishlarini iltimos qildi. Bu tikuv mashinalari sababli Nilufar o’ziga o’xshash imkoniyati cheklangan qizlarni ish bilan ta’minlashini, shunda ular o’zlari va oilalarini ham ta’minlay olishlarini tushuntirdi.

Bu shijoatli qizning iltimosi albatta inobatga olinadi. O’zbekiston yoshlar Ittifoqi tomonidan tashkil etilgan bu uchrashuv esa Nilufarning qalbida bir umr saqlanib qolinadi. Biz Nilufarning ishlari yurishib ketishiga ishonamiz va unga omad tilaymiz! Axir uning shijoati, ertangi kundan umidi va O’zbekiston yoshlar Ittifoqidek ishonchli do’sti bor.