Parlament modeli

“O’zbekiston Respublikasi Parlament modeli”ga arizalar qabuli boshlandi

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi O’zbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda hamda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, siyosiy partiyalar, O’zbekiston Ekologik harakati ishtirokida “O’zbekiston Respublikasi Parlament modeli” loyihasini e’lon qiladi.

“O’zbekiston Respublikasi Parlament modeli”ni o’tkazishdan asosiy maqsad – yoshlarning siyosiy tafakkuri va bahs madaniyatini oshirish, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosida o’tkaziladigan muhokamalar va qonun qabul qilish jarayonlarida hamda partiyalar o’rtasida bo’ladigan majlis va tortishuvlarda yigit-qizlarning bevosita ishtirokini ta’minlash, ularning takliflarini o’rganish hamda deputatlar bilan muloqot o’rnatishdan iborat.

Loyihada O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi simulyatsiyasi tashkil etilib, unda ishtirokchilar fraktsiyalarga bo’lingan holda qonun loyihalarini o’rganib, o’zaro muhokama qiladilar. Simulyatsiya davomida qatnashchilar fraktsiya maqsadi, manfaati va printsiplaridan kelib chiqib, parlamentda o’z pozitsiyalarini bildiradilar.

Loyihada yurtimizning 18 yoshdan 27 yoshgacha bo’lgan iqtidorli yoshlari ishtirok etishlari mumkin. Saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o’tgan 150 nafar yoshlar “O’zbekiston Respublikasi Parlament modeli”da ishtirok etish huquqini qo’lga kiritadilar.

Simulyatsiya dasturi uch kunga mo’ljallangan bo’lib, uning doirasida ishtirokchilar uchun O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, siyosiy partiya vakillari va ekspertlar ishtirokida maxsus o’quv seminarlari, debatlar va uchrashuvlar tashkil etiladi.

Qayd etish joizki, “O’zbekiston Respublikasi Parlament modeli” O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda siyosiy partiyalar Markaziy Kengashlari binolarida o’tkazilib, unda qatnashchilar haqiqiy qonun loyihasini muhokama qiladilar va o’z takliflarini bildiradilar. Shundan so’ng, hujjat loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining kelgusidagi sessiyasida ko’rib chiqiladi va simulyatsiya davomida ishtirokchilarning asoslantirilgan takliflar va o’zgartishlari inobatga olinadi.

“O’zbekiston Respublikasi Parlament modeli”da ishtirok etish istagida bo’lgan talabalar http://yp.strategy.uz sayti orqali ro’yxatdan o’tishlari va batafsil ma’lumotga ega bo’lishlari mumkin. Arizalar 2017 yilning 30 sentyabriga qadar qabul qilinadi.

Tadbirning o’tkazilish vaqti va joyi: 2017 yil oktyabr, Toshkent shahri.

Ma’lumot uchun: +998 71 239 01 91, +998 71 239 01 95