logo
. . .


Yurtimizda ilk bor tashkil etilgan “Yosh vatandoshlar” xalqaro festivali o‘z nihoyasiga yetdi.

Unutilmas haftalikning oxirgi kunlarida mehmonlar ko‘hna Samarqand va Buxoro sayohatiga otlandi. Boy o‘tmishimiz, bebaho ilmiy, ma’naviy va madaniy merosimiz bilan tanishuv Imom Buxoriy yodgorlik majmuasidan boshlandi. Mehmonlar butun islom olamida yuksak hurmatga sazovor bo‘lgan ulug‘ ajdodimizning maqbarasini ziyorat qildi.

Keyingi manzil Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti bo‘ldi. Vatandoshlarimizni shahar “Kamalak” bolalar tashkiloti sardorlari lutf ila qarshi oldi. Shu yerning o‘zida viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Festival ishtirokchilari ularga o‘zlari o‘qiyotgan, mehnat qilayotgan muassasa va tashkilotlar haqida so‘zlab berdi.

— Bugun o‘zbek yoshlarini butun dunyo tan olmoqda, — deydi Moskva shahrida faoliyat yurituvchi Uzbekskaya natsionalno-kulturnaya avtonomiya hududiy jamoatchilik tashkiloti bo‘limi mudiri Gulnoza Ziyautdinova. — O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni ko‘rib quvondim. Tengdoshlarimga aytar gapim shuki, yetuk mutaxassis bo‘lish uchun xorijda o‘qish shart emas. Buning uchun ona Vatanimizda ham sharoitlar yetarli.

Kun davomida Samarqandning diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtirildi. Registon maydonida esa, Ittifoq qoshidagi Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi tashabbusi bilan “Xayriya auksioni” tashkil etildi. Unda jismoniy imkoniyati cheklangan yigit-qizlar tomonidan yaratilgan qirqdan ortiq ijodiy asarlar sotuvga qo‘yildi.

Shu joyning o‘zida mahalliy hokimlik vakillari bilan mintaqada turizmni rivojlantirish masalasiga bag‘ishlangan davra suhbati ham bo‘lib o‘tdi. Bu borada qilinayotgan ishlar hamda istiqbolli loyihalar xususida ma’lumot berildi. Ishtirokchilar viloyatdagi tarixiy obidalarni obodonlashtirish, yo‘l ko‘rsatkichlarini o‘rnatish, sayyohlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish bo‘yicha taklif-mulohazalarini bildirdi.

Festival ishtirokchilarining unutilmas safari ko‘hna va boqiy Buxoroda davom etdi.

Tantanali kutib olish marosimidan so‘ng vatandoshlarimiz Yoshlar markaziga yo‘l oldi. Bu yerda ular viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev bilan uchrashdi.

Tadbir avvalida hudud rahbari mehmonlarga tashrif uchun minnatdorlik bildirdi. Bugun yurtimizda yoshlar tengsiz insoniy resurs sifatida qabul qilinishini ta’kidlab, xorijdagi vatandoshlarimizni amalga oshirilayotgan keng islohotlar jarayonida faol qatnashishga chorladi. “Sizlar uchun barcha sharoitlarni yaratishga tayyormiz. Agar imkoniyatlar eshigi torlik qilsa, yonidagi devorlarni buzib, kengaytirib beramiz”, — dedi O‘.Barnoyev. Mehmonlar ham o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.

— Hindiston yoshlari O‘zbekiston haqida ko‘p eshitgan va bu muqaddas zaminga kelishni xohlaydi, — deydi Dehli texnologiyalar universiteti talabasi Umirbek Murotov. — Lekin barchasining ham moddiy imkoniyati yo‘q. Ikki mamlakat yoshlari uchun turli forum va festivallar o‘tkazib turilsa, bu masala o‘z-o‘zidan yechim topgan bo‘lardi, degan fikrdaman.

Uchrashuv davomida Buxoro haqida tarixiy filmlar suratga olish, diqqatga sazovor obyektlarga eltuvchi yo‘llarda elektron tablolar o‘rnatish, cho‘l zonasida avtoralli va boshqa shu kabi musobaqalarni tashkil etish takliflari berildi. Mutasaddilar ushbu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini aytdi.

Ochiq muloqot mahorat dars­lariga ulanib ketdi. Dunyoning turli davlatlaridan kelgan yigit-qizlar o‘z bilim va tajribasini buxorolik yoshlar bilan o‘rtoqlashdi. Xorijda ta’lim olish va mehnat qilishga doir tavsiyalar berildi. Mazmunli muloqotni yakunlab, mehmonlar qadim kentning tarixiy manzillari sari sayohatga otlandi.

15-aprel kuni poytaxtimizdagi “Yoshlar press-klubi”da xalqaro festivalining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda loyihaning ilk natijalari sarhisob qilindi.

— Yosh vatandoshlarimiz bilan hamkorlik aloqalarini tiklashdan mamnunmiz, — deydi O‘zbekis­ton yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Kamoliddin Beknazarov. — Fes­tival bahonasi­da ko‘plab ilmu salohiyat sohiblarini kashf qildik. O‘ylaymanki, bosh­langan ezgu va ulkan harakat besamar ketmaydi.

Shaxnoza Nurullayeva



Ulashing:

E'lon