logo
. . .


Mamlakatimizda yurtboshimiz rahnamoligida yosh avlodni kamolotga yetkazish, Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmatva sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish, turli xil salbiy illatlardan asrash borasida keng ko‘lamli islohotlarga amalga oshirilmoqda. Mazkur harakatlar yosh avlodning iqtidor va qobiliyatini qo‘llab-quvvatlash bilan birga ulardagi tashabbuskorlik ko‘nikmasini shakllantirishda keng imkoniyatlar eshigini ochib beradi.

Samarqand viloyati, Pasdarg‘om tumani, Navoiy shirkat xo‘jaligi, “Saribosh” mahalla, “Qora qipchoq” qishlog‘ida yashovchi, bir necha yil “Juma” paxta tozalash zavodida ma’sul ishlarda ishlab kelgan Yusupov Nasrulla boboning nevarasi 9 yoshli Muhammadning yutuqlari, intilish va izlanishlarini ko‘rib “Bola boshidan ma’lum” degan naqlning amaliy isbotini ko‘rishimiz mumkin. Muhammadjonning otasi, Yusupov Bayramali o‘z oilasi haqida ma’lumot berar ekan, avvalo o‘zining Samarqand Davlat universitetini tugatganligi, hozirgi kunda oilasi bilan Daniyada istiqomat qilishini ta’kidladi. Shuningdek, bu inson Daniyada iqtisod sohasida VIA Universitetini tugatgach o‘z sohasida faoliyat olib borayotganligi, bugungi kunda 5 farzandning otasi ekanligidan baxtiyorligini ma’lum qildi. Farzandlarining to‘ng‘ichi, Muhammadjonning yosh bo‘lishiga qaramay, maktabda a’lo baholarga o‘qishi, iqtidorli bolalar safidan joy olganligi hamda turli xil tanlovlarda faol ishtirok etishini ota chuqur faxru-g‘urur ila e’tirof etdi. Eng e’tiborlisi shundaki, bu bilimdon, zukko yigitcha IQ testlarida ham yuqori ko‘rsatkichlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Ertangi kuni, porloq kelajagi ravnaqi uchun izlanayotgan Muhammadjon yaqinda Daniya bo‘yicha o‘tkazilgan matematika (IQ) musobaqasiga ham qatnashib o‘zini ko‘rsata oldi. Ushbu musobaqada birinchi bosqichda butun Daniya bo‘yicha 100 kishi, ikkinchi bosqichda esa ana shu 100 kishining ichidan 12 iqtidorli o‘quvchi tanlab olindi. Mazkur 12ta a’lochi o‘quvchining biri O‘zbekiston farzandi, Qashqadaryo o‘g‘loni Muhammadjon edi. U final bosqichida faxrli finalist medali bilan taqdirlandi. Millionlab qatnashchilar ichida final bosqichiga chiqib, jonajon vatanimiz bayrog‘ini ko‘kka ko‘tarib, mag‘rur hilpiratganida har bir qatnashchini kuchli hayajon qamragandek edi, go‘yo.

Vatanidan uzoqlarda rizqini terib yurgan bo‘lsada, farzandlariga mustaqil yurtimizga munosib inson bo‘lib yetishishni uqtirib kelayotgan ota, Yusupov Bayramalining barcha iqtidorli bolalar bir kun kelib, Muhammadjon kabi vatanimiz kelajagiga ulkan hissa qo‘shishiga ishonchi komil. Barkamol avlodimiz ham Yevropaning eng rivojlangan mamlakatlarida tahsil olib, orttirgan bilimlarini serquyosh O‘zbekistonimizning yuksalishi yo‘lida ishlatishlarini tilab qolamiz.

Shaxnoza Nurullayeva



Ulashing:

E'lon