logo
. . .


(3-maqola, Astraxan)
Zavod mehnat migrantlari sharoitini yanada yaxshilaydi

Astraxanda boshqa hududlarga nisbatan mehnat migrantlari bilan ishlashda tizimli faoliyat yo‘lga qo‘yilgan. Delegatsiya dastlab Astraxandagi g‘isht zavodidagi o‘zbek yoshlari bilan uchrashdi. Qurilish obyektlari uchun g‘isht yetkazib beradigan zavodda O‘zbekistondan borgan yoshlar bilan muloqot qilindi. Mehnat migrantlari uchun zavod tomonidan yaratib berilgan sharoitlar to‘liq o‘rganildi. Yoshlarimizni o‘ylantirayotgan muammolar, kelgusidagi rejalari haqida fikr almashildi. Yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha zavod ma’muriyati bilan kelishildi. Vatandoshlarimiz delegatsiya tashrifidan benihoya mamnun bo‘lib, o‘z ona yurtida kelgusida shu xildagi tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga va’da berdi.

9 nafar Astraxan tergov izolyatoridagi vatandoshimiz O‘zbekistonga qaytdi va shu zahoti ish bilan ta’minlandi

5-noyabr oqshomida Astraxanga kirib borgan delegatsiya a’zolari tuni bilan o‘zbekistonlik vatandoshlarimiz istiqomat qilayotgan obyektlarda bo‘lishdi. Mehnat migrantlarining yashash joylari bilan yaqindan tanishishdi. Erta tongdan esa Astraxanda joylashgan tergov izolyatorida bo‘lishdi. U yerda turli qonunbuzarliklarni sodir etgan vatandoshlarimiz bilan uchrashishdi.

Suhbat davomida vatandoshlarimizning Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Surxondaryo vakillari ekanligi, ushbu yurtga kelib qolish sabablari, ularni o‘zga davlatning mavjud qonunlarini chetlab o‘tishlariga sabab bo‘lgan omillar batafsil o‘rganildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan kelishilib, ular O‘zbekistonga jo‘natildi. Ayni damda 9 nafar yurtdoshimiz O‘zbekistonda o‘zlari yashaydigan hududda ish bilan ta’minlangan. 


Qurilish va bozorlardagi yoshlar: "Bizni ona yurtimizdan kimdir yo‘qlab kelishi xayolimizga ham kelmagandi"

Ta’kidlash joizki, Rossiya Federatsiyasida vatandoshlarimiz yashayotgan ko‘p qavatli uylar, vagonlar, padvallar va boshqa qator vaqtincha yashash joylari qolmayotganidek, ular ishlayotgan bozorlar, qurilishlar, zavodlar, fabrikalar, hatto vaqtincha tergov izolyatorida saqlanayotgan yoshlar ham delegatsiya e’tiboridan chetda qolmadi. Tom ma’noda, ushbu delegatsiyaning tashrifi Rossiya Federatsiyasidagi vatandoshlarimiz uchun juda katta ahamiyat kasb etdi. Delegatsiya Astraxanda qurilayotgan 20 qavatli binoda bo‘ldi. 

Qurilishda o‘zbekistonlik 15 nafar rasmiy va norasmiy borgan yoshlarimiz bilan uchrashildi. Samimiy muloqot qilindi. Ularni qiynayotgan ba’zi muammolar o‘rganildi. O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. O‘z navbatida yoshlar ham mamlakatdagi jarayonlarni internet orqali bevosita kuzatishayotgani, yaqin kunlarda O‘zbekistonga qaytish niyatida ekanligini aytib, vatandagi tinchlik va yo‘qlov uchun minnatdorlik bildirishdi.

— Bizni ona yurtimizdan kimdir yo‘qlab kelishi xayolimizga ham kelmagandi,— dedi yoshlar quvonchini yashirolmay. Delegatsiya shu bilan birga, Astraxan bozorlarida savdo-sotiq qilayotgan yoshlarning ham faoliyatini o‘rgandi.

Astraxan davlat tibbiyot universiteti talabalarining aksariyati o’qishni tugatib, O‘zbekistonga qaytadi

Dastlab uchrashuvda Astraxandagi mehnat migrantlarini ish bilan ta’minlovchi tashkilotlar hamda yurtimizdan borib mehnat qilayotgan migrantlar bilan uchrashildi. Ish beruvchi tashkilotlar o‘zbek yoshlarining mehnatkash va fidoyi ekanligini, ular bilan ishlash har doim samarali bo‘lganligini ta’kidladi. Kelgusida yaratib berilgan sharoitlarni yanada yaxshilash bo‘yicha rejalarini ma’lum qildi. Uchrashuv davomida yosh mehnat migrantlarining manfaatlarini to‘laqonli himoya qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Astraxan ma’muriyati bo‘sh yerlaridan unumli foydalanishni taklif qildi 

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Astraxanda juda ko‘p foydalanilmayotgan yerlar mavjudligi sabab, ma’muriyat o‘zbekistonlik yoshlarning ushbu hududlardan foydalanishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Ayni kunlarda ushbu taklif bo‘yicha delegatsiya a’zolari o‘rganishlar olib bormoqda. Shu bilan birga, delegatsiya Astraxan gubernatori Aleksandr Jilkin uchrashdi. Uchrashuvda qator muhim masalalar, jumladan migratsiya, madaniy-gumanitar aloqalar yuzasidan hamkorlik muhokama qilindi.



Ulashing:

E'lon