logo
. . .


Yoshlar o‘rtasida oila muqaddasligi g‘oyalarini targ‘ib etish, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash, oilani rejalashtirish, yosh oilalardagi ajrim holatlarining oldini olish, oilaviy munosabatlarda tomonlarning huquq va majburiyatlarini tushuntirish bugungi kunda yoshlar oldidagi muhim vazifalarimizdan biridir. Oila qurish bo‘sag‘asidagi yoshlarga oila qurishda muhim diniy jihatlar haqida ma’lumot berish barobarida yosh oilalardagi muammolarning oldini olishda chora-tadbirlar ishlab chiqish bo‘yicha aynan yoshlarning fikri muhim sanaldi. Xususan, joriy yilning 13-fevralida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga qarashli Ma’naviyat va ma’rifat markazida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamkorligida “Yoshlar ajrimlarga butunlay qarshi” shiori ostidagi ochiq muloqot tashkil etildi.

Unda malakali mutaxassislar, yosh oilalar hamda oila qurish arafasida turgan yoshlar ishtirok etishdi. Tadbir davomida respublikamizda o‘tgan 2017-yil davomida kuzatilgan oilaviy munosabatlarga oid ma’lumotlardan iborat taqdimot namoyish etildi.

Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi mutaxassisi Feruza Akromova o‘zining “Oila- yoshlar nigohida” mavzusidagi ma’ruzasini taqdim etdi. Tadbir davomida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Musulmonlar idorasi mas’ul xodimi Abdulhamid Jumanov “Oila qurishda muhim diniy jihatlar”ga alohida to‘xtalib o‘tdi. Oila qurish formulasi, uning o‘ziga xos xususiyatlari, oila qurishda ruhiy tayyorgarlik haqidagi “O‘zingni angla” psixologik markazi rahbari ruhshunos Zamira Azimovaning o‘ziga xos ma’ruzasi yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Psixologning ta’kidlashicha yoshlarda tarbiyaning shakllanishi 14-15 yoshdan boshlanib, 25-28 yoshga qadar davom etadi. Bu davrda ularning tafakkurini baxtli oila qurish tamoyillari bilan boyitib borishi shart! Faoliyati davomida yoshlar bilan o‘zaro muloqotlarida 35 foiz yoshlar kelajakdagi qurilajak oilasi haqida so‘zlaganda ota-onasi kabi yo‘l tutmaslikni, bu oiladan farqli ravishda baxtli, tinch va osoyishta, eng muhimi mustahkam oila barpo qilishini aytishgan.

Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish borasida 2017-yilgi statistik ko‘rsatkichlarga ko‘ra, yosh oilalar o‘rtasida qayd etilgan jami ajrimlar soni Respublika bo‘yicha Samarqand viloyatida 3687 taga yetib, eng yuqori ajrim holatini ko‘rsatmoqda.

Muloqot mobaynida yoshlar ushbu dolzarb mavzu yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini ochiq bayon etishdi. Ishtirokchilar tomonidan yosh oilalarda ajralishga sabab bo‘layotgan omillarga qarshi kurashish yuzasidan takliflar berildi. Tadbir tashkilotchilari yoshlarning har bir mulohazalarini kelgusi rejalarida inobatga olishlarini ta’kidlashdi. Ushbu tadbirlar respublika bo‘ylab davom etmoqda.



Ulashing:

E'lon