logo
. . .


O'zbekiston yoshlar ittifoqi Buxoro viloyat Kengashi tomonidan G’ijduvon tumanida “Biz yoshlar jinoyatchilikka qarshimiz!” shiori ostida “Yoshlar festivali” o'tkazildi.

Unda umumiy o'rta, o'rta maxsus va kasb-hunar ta'limi tizimida tahsil olayotgan o’quvchilar, ichki ishlar organlarida profilaktik hisobda turuvchi yoshlar va faol bo’lmagan yoshlar ishtirok etishdi.

 

Festival tumandagi “Raboti Meri” qabristonida obodonlashtirish hashari bilan boshlandi.

Shundan so’ng, “Biz sog'lom turmush tarafdorimiz!” shiori ostida Yusuf Hamadoniy hamda Abduxoliq G'ijduvoniy ko'chalarida yoshlar marafoni o’tkazildi.

Ayniqsa, festivalning eng qaynoq nuqtasi bo’sh ish o’rinlari mehnat yarmarkasi bo’ldi.

“Biz yoshlar jinoyatchilikka qarshimiz!” hamda “Odam savdosi – davr muammosi” mavzularida o’tgan davra suhbatlarida yoshlarga hayot so’qmoqlarida qoqilmaslik uchun doimo to’g’ri yo’ldan yurish, sergak va ehtiyotkor bo’lish haqida kerakli tavsiyalar berildi.

“Yoshlar to'ylardagi dabdababozlikka qarshi” deb nomlangan ochiq muloqotda mavzu doirasida fikr-mulohazalar bildirildi.

“Quvnoqlar va zukkolar” shou-konsertlari esa barchaga ko’tarinki kayfiyat ulashdi.

Shuningdek, festival ishtirokchilarining tumandagi "Xo'jai Jahon" jome masjidi hamda Alisher Narzullayev nomidagi uy muzeyiga sayohatlari ham tashkil etildi.

– Festivalda ishtirok etganimda juda xursandman, – deydi ishtirokchilardan biri Maftuna Nabiyeva. – Kun davomida o’zim uchun kelajakda asqotadigan ko’plab qiziqarli ma’lumotlarga ega bo’ldim.

Festival yakunida viloyatning xushovoz xonandalari, Buxoro san'at kolleji talabalari va Bolalar musiqa va san'at maktabi o'quvchilari ishtirokida konsert dasturi o'tkazildi.

Dastur so’ngida, festivalning eng faol ishtirokchilari tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg'alar bilan taqdirlanishdi.



Ulashing:

E'lon