logo
. . .


Buxoro avtomobil va yo‘llar kollejida 2018-yil — Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili munosabati bilan texnik loyihalar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Ushbu ko‘rgazmaga 14 nafar iqtidorli yosh o‘zining taqdimotini namoyish qildi. 1000 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi.

Shahzod Jabborov shunday ixtirochi o‘quvchilardan biri.

— Ushbu texnik-transport vositasini yasash uchun tinimsiz izlandim. Yarim yildan ko‘proq vaqtni metallar yig‘ishga sarfladim, desam adashmayman. Qishloq xo‘jaligida foydalanishga qulay va ixcham bu traktor yordamida 3-4 litr yonilg‘i bilan 15-20 sotix yer maydonini ag‘darish, uni baranalash va lozim bo‘lsa, hosilni yig‘ish ishlarini ham amalga oshirish mumkin, — deydi transportlarni tashish va boshqarishni tashkil etish yo‘nalishi 3-bosqich o‘quvchisi Shahzod Jabborov.

Eng qizig‘i, yigitcha ayni damda bir nechta fermer xo‘jaliklari bilan shartnomalar imzolashga ham muvaffaq bo‘lgan.

O‘z ko‘rgazmasi bilan qatnashgan Buxoro neft va gaz kolleji o‘quvchisi Rahmatilla Hojiyevning “Quyoshli suv kollektorlarini tadqiq etish va optimal quyoshli isitish tizimini yaratish” loyihasi ham diqqat markazda bo‘ldi.

— Buni afzalligi shundaki, yashash joylarini suv kollektorlarini bilan ta’minlash issiqlik tizimiga ulanishni talab etmaydi. Kollektorda yig‘ilgan yomg‘ir va qor suvlari ichki qayta ishlov berish uskunasi orqali oddiy quvurlar yordamida uylarga tarqatiladi, — deydi Rahmatilla o‘z ko‘rgazmali maketiga izoh berar ekan.

Texnik konferensiyada Ahmad Ahmedov, Behruz To‘xtamishev, Mizrob Navro‘zov, Otabek Inoyatov, Zafar Kamolov kabi yosh ixtirochilar ishlari munosib baholandi.

14 nafar ishtirokchi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Buxoro viloyati Kengashi tomonidan munosib taqdirlandi.

O‘z ixtirosi va yaratuvchanligi bilan peshqadam bo‘lgan Shahzod Jabborov ta’lim muassasasi tomonidan eng kam oylik ish haqining ikki barobari miqdoridagi pul mukofoti bilan ham taqdirlandi.



Ulashing:

E'lon