logo
. . .


Joriy yilning 12-18-fevral kunlari Ikkinchi O‘zbekiston-Rossiya yoshlari Forumi o‘tkazilishi yuzasidan poytaxtimizga Rossiya Federatsiyasining yirik oliy o‘quv yurtlari vakillari, yoshlar masalalariga oid jamoatchilik tashkilotlari rahbarlari va mutaxassislari hamda biznes hamjamiyati a’zolaridan iborat Delegatsiya tashrif buyurdi.

Forumning O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida Delegatlar va tashkilot rahbarlari uchrashuvi doirasida “Yoshlar siyosati sohasidagi hamkorlik” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda Forum doirasida ikki mamlakat o‘rtasida yoshlar siyosatini amalga oshirish sohasidagi hamkorlikning turli jihatlariga oid keng qamrovli dastur xususida so‘z bordi.

Delegatsiya dasturida qator tadbirlar rejalashtirilgan. Turin politexnika universitetining Texnoparkiga sayohat hamda mazkur ta’lim muassasasidagi O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi boshlang‘ich tashkilotining faoliyati bilan tanishish shular jumlasidandir. 35 nafardan iborat yoshlar siyosatiga doir yetuk mutaxassislar hamda Rossiya yoshlar ittifoqining faol va tajribali vakillari mazkur Oliy o‘quv dargohidagi talabalar tomonidan ixtiro qilingan uskunalar hamda sinovdan o‘tkazilayotgan muhandislik loyihalari haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Bundan tashqari, Delegatlar uchun universitetdagi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotining faoliyatiga doir taqdimot namoyish etildi. Unda yetakchilarning bajarayotgan vazifalari va erishilgan natijalar ko‘rsatkichi , yoshlar uchun joriy etilgan va amalga oshirilayogan qator loyihalar, tanlovlar hamda ijtimoiy yo‘nalishdagi tashabbuslar aks ettirilgan.

Navbatdagi manzil Yoshlar ijod saroyiga tashrif bo‘lib, delegatlar u yerda fotoko‘rgazmadan bahramand bo‘lish bilan bir qatorda bolalar ijodiy jamoalari, Yoshlar simfonik orkestri va xor repetitsiyalari bilan ham tanishishdi.

Forumning o‘tkazilishidan maqsad ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishga hissa qo‘shish hamda mamlakatimizning yoshlar siyosatini xalqaro miqyosida samarali amalga oshirishda yangi istiqbollarni ochib berishdir.

 

Shaxnoza Nurullayeva



Ulashing:

E'lon