logo
. . .


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi 2018-yil 27-iyun kungi Farmonida joylarda davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari yoshlarning tadbirkorlik savodxonligini oshirishga, ularning ongiga biznes tashkil etish va yuritish ko‘nikmalarini singdirishga hali ham befarq va beparvo munosabatda bo‘lib kelayotganligi tanqid ostiga olingan edi.

Farg‘ona viloyat Yoshlar ittifoqi, Farg‘ona viloyat iqtisodiy sudi, viloyatdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda “Yosh tadbirkorlar klubi” tashkil qilindi.

Klubning asosiy maqsadi, 18 yoshdan 30 yoshgacha tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan yoshlarni Farg‘ona viloyatida yoshlar biznesini rivojlantirishda amaliy muloqotini tashkillash hamda takliflarini rivojlantirish, qolaversa, muammolarini o‘rtaga tashlagan holda ularning yechimini topishga qaratilgandir.

Ushbu klub a’zolarining bir oyda kamida bir marta o‘tkaziladigan majlislarida doimiy ravishda viloyat iqtisodiy sudi sudyalari, prokuratura, ichki ishlar, soliq, raqobat boshqarmasi, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi, davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasi, O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakillari ishtirok etib, yosh tadbirkorlarning huquqiy va iqtisodiy bilimlarini oshirish, tadbirkorlik faoliyatida vujudga kelayotgan muammolar, takliflarning yechimini topishda amaliy yordam berish yo‘lga qo‘yiladi.

“Yosh tadbirkorlar klubi”ning birinchi yig‘ilishi tadbirkorlik va hunarmandchilik rivojlangan Rishton tumanida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Rishton, Oltiariq, Bog‘dod tumanlarida faoliyat ko‘rsatayotgan yosh tadbirkorlarga “Yoshlar – kelajagimiz“ Davlat dasturi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni to‘liq tushuntirilib, dastur asosida kelib chiqadigan vazifalar, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, tadbirkorlik faoliyatining huquqiy asoslari, uni tashkil etishning qoidalari, shakllari, davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik bilan shug‘ullanishning salbiy oqibatlari, tadbirkorlik faoliyatida shartnomalar tuzish, shartnoma intizomiga rioya etish, shartnoma talablarini bajarmaganlikning huquqiy oqibatlari, to‘lanadigan soliq stavkalari va imtiyozlar, bank operatsiyalarini amalga oshirish tartiblari, imtiyozli kreditlardan foydalanish, bo‘sh turgan binolarni “nol” xarid qiymatida yoki ijara asosida olish, tadbirkor va uning xodimlari o‘rtasidagi mehnat munosabatlarini huquqiy tartibga solish, tadbirkorlik faoliyati davomida firibgarlarga aldanib qolmaslik kabi mavzularda so‘z yuritildi.

O‘ylaymizki, berilgan tavsiyalar yosh tadbirkorlarimizning faoliyatida muhim o‘rin egallaydi.



Ulashing:

E'lon