logo
. . .


Bir yig'ilishda 27 nafar yosh ishli bo'ldi.

Sportga qiziqishi baland Bekzod Rajabov o‘rta maxsus kasb-hunar kollejini bitirgach, harbiy xizmat burchini ham sidqidildan o‘tadi. Uning shijoati va g‘ayratiga ko‘pchilik havas qilgan. Yoshlik-beboshlik, degandek, Bekzod yoshligiga bordimi, o‘zi anglab-anglamagan holda jinoyatga qo‘l urdi. Ayni navqiron chog‘ida jazo muddatini o‘tashiga to‘g‘ri keldi...

Jazo muddatini o‘tab qaytgan Bekzod kuni-kecha O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman Kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Hokim va yoshlar” uchrashuvida: “Men yoshlar ittifoqi huzurida tashkil etilgan “Jasorat” klubiga a’zo bo‘lib, el koriga yarashga qaror qildim. Shu bilan bir qatorda, ayni paytda ishsiz ekanligimni inobatga olib, ish bilan bandligimni ta’minlashda ham amaliy yordam ko‘rsatishingizni so‘rayman. Bundan keyin bor kuch va imkoniyatimni ish, mehnat, o‘qishim orqali namoyon etaman”, — dedi dadillik bilan.

— Yoshlar ittifoqi siz singari yoshlarni ham jamiyat bilan hamqadam, hamnafas bo‘lishingizni o‘z zimmasiga olgan ekan, haq-huquq va imkoniyatlardan foydalanishingiz shubhasiz, kafolatlanadi,— deydi viloyat Kengashi raisi Zarif Komilov.

Shu kuni ish va mehnat bilan band bo‘lmagan 27 nafar yoshning ish bilan bandligi ta’minlandi. Tumandagi yosh ishbilarmon Xurshid Po‘latov rahbarligidagi birgina “Sardor-Omad” milliy liboslar ishlab chiqarish sexida 5 nafar qiz va ikki nafar yigit ish bilan band etildi.

Ishlab chiqarish korxonasi tashkil etish uchun yer ajratish bo‘yicha murojaat etgan yoshlarning biznes-rejalari taqdimoti tinglanib, ularning muammolarini bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Shuningdek, nogironlik aravachasi so‘ragan ikki fuqaroni tashvishlantirayotgan masala joriy yil oxirigacha hal etilishi bildirildi.

“Hokim va yoshlar” uchrashuvi davomida tumandagi 51-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi Oqila Bozorovaning ish so‘rab kelgan yoshlarga nisbatan sovuqqonligi qattiq tanqid ostiga olindi.

Bundan tashqari, joriy yilda “Mening biznes g‘oyam” tanlovining respublika bosqichida g‘olib bo‘lib, imtiyozli kreditga ega bo‘lish Sertifikatini qo‘lga kiritgan Farmon Istamov haligacha o‘z imkoniyatlaridan foydalana ololmay, sarson. Milliy bank tuman filiali bu borada qattiq ogohlantirildi.

Yoshlarning taklif, talab va murojaatlari tinglanar ekan, g‘ijduvonlik yoshlarning talay qismi tadbirkorlik va ishbilarmonlikka ehtiyoji balandligini kuzatish mumkin. Faqat ularning o‘z ish va tadbirkorlik subyektlarini yo‘lga qo‘yib olishlari uchun imkoniyat va imtiyozlar to‘laqonli yaratilishi lozim.

— Ayni kunda uch yuz ming nafardan ziyod G‘ijduvon aholisining 16536 nafarini yoshlar tashkil etadi. Shundan 2475 nafari turli xorij davlatlariga ish izlab ketgan. Ma’lumki, tumanimiz erkin iqtisodiy zona hisoblanadi. Shu nuqtai-nazardan, 2018-yildan boshlab, ishlab chiqarish korxonalari sonini keskin ko‘paytiramiz. Bu G‘ijduvon yoshlarining barchasini ish bilan ta’minlash imkoniyatini yaratadi. Biz bu maqsadga, albatta, erishamiz,—deydi tuman hokimi Murod Umarov.

Tumanda turli ishlab chiqarish tarmoqlari, sanoat korxonalari va ko‘plab sexlar barpo etilayotganini kuzatib, tuman hokimi fikrlari yangi yilda o‘z tasdig‘ini topishiga ishonamiz.



Ulashing:

E'lon