logo
. . .


O‘zbekistonda «MISiS»ning filiali ochiladi
(4-maqola,  Moskva)

Moskva tashrifi O‘zbekistonlik yoshlar va mehnat muhojirlari uchun uzoq kutilgan amaliy ish bo‘ldi. Ilk bor Rossiya yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘rtasida Memorandum imzolandi. Memorandumda 2018-yil uchun tashkilotlarning hamkorlikdagi ish rejasini ishlab chiqish ko‘zda tutildi. Qolaversa, O‘zbekiston, Rossiya yoshlari biznes inkubatorining ochilishi va O‘zbekiston hududida II Rossiya - O‘zbekiston yoshlar forumi o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi. 

O‘zbekistonda «MISiS»ning filiali ochiladi

Delegatsiya Moskvadagi «MISiS» Milliy tadqiqot texnologiya universitetida Rossiyada ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv davomida O‘zbekistonda «MISiS» universitetining filialini ochish bo‘yicha tegishli kelishuvga erishildi. Qolaversa, endilikda Rossiyaning har bir federal okrugida O‘zbekistonning bosh konsulligi ochiladi. Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg, Qozon, Rostov, Yekaterinburg shaharlari hamda Uzoq Sharqida O‘zbekiston konsulliklari shular jumlasidan. Rossiyada O‘zbekistonning 1 mlndan oshiq fuqarosi yashamoqda. Biroq, konsullik hisobida atigi 40 ming nafar inson turishi alohida qayd etildi. 


Moskvadagi ko‘p sonli mehnat muhojirlari oilasi bag‘riga qaytadi

Davlat maslahatchisi boshchiligidagi delegatsiya Moskva safari davomida shahardagi bir qator qurilish obyektlarida bo‘ldi. O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun yaratib berilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Eng muhimi, yoshlarning o‘y-fikrlari, orzularini tingladi. O‘zbekistonda yoshlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, barcha soha mutaxassislari uchun o‘z ona vatanida berilayotgan imkoniyatlar haqida to‘xtaldi. Vatanidan chiqib ketganiga 1 oydan 5 yilgacha bo‘lgan yurtdoshlarimiz delegatsiya tashrifidan juda mamnun bo‘lishganini, vatandan tashqarida vatan qurib bo‘lmasligini ta’kidlab, ko‘zlagan maqsadlari amalga oshishi bilan oilasi bag‘riga qaytishga va’da berdi.

Eng muhimi, uchrashuvlarda qatnashgan minglab yoshlar O‘zbekistondagi islohotlar va ushbu g‘amxo‘rlikdan benihoya mamnun bo‘lib, Rossiyada qiynalayotgani uchun emas, balki Prezidentning yonida turib, ijtimoiy va siyosiy jarayonlarda faol qatnashish uchun ortga qaytishga va’da berdi. Shu kunlarda esa yuzlab yoshlar O‘zbekistonga qaytdi. 

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu safar O‘zbekiston delegatsiyasining xorijda tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan yoshlar faoliyatini yaqindan o‘rganishga bo‘lgan dastlabki urinishi bo’ldi. 

Kelgusida yoshlar tashkiloti qoshida ish boshlaydigan Umumjahon yoshlar assotsiatsiyasi har bir chet eldagi vatandoshimizning haq-huquq va manfaatini himoya qilishda tizimli ishlarni amalga oshiradi. 

Tashkilotning rasmiy sahifasiga kelgan yuzlab murojaatlarda ushbu tashrif uchun O‘zbekiston va xorijda yashayotgan yoshlarimiz, ularning vakillari Prezidentimizga o‘z minnatdorchiligini bildirib qoldirgan. 



Ulashing:

E'lon