logo
. . .


Fermer xo‘jaligi qanday tashkil etiladi, uni yuritish va rivojlantirish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

O‘zbekiston yosh fermerlari Kengashi tomonidan respublika bo‘ylab yosh fermerlarning sohadagi nazariy bilimlarini oshirish, faoliyatini ko‘p tarmoqliga aylantirishlari uchun ko‘mak berish, muammolarga yechim topishda ular bilan yelkadosh bo‘lib, amaliy ish olib borish maqsadida “Barchasi yosh fermer istiqboli uchun” tamoyili asosidagi mahorat darslari tashkil etib kelinmoqda.

Ushbu mahorat darslarining ikkinchisi Andijon viloyatidagi “Rash-Milk” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyatning 100 nafar yosh fermerlari 50 ga yaqin fermer bo‘lishni ko‘zlagan yoshlar ishtirok etishdi.

Mahorat darslari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi va uning moxiyati yuzasidan davra suhbati bilan boshlandi.

Tadbir davomida, yosh fermer Otabek Qo‘chqorov so‘zga chiqib, Prezidentimiz tomonidan ustuvor vazifalardan biri qilib belgilangan, past rentabelli maydonlarni yildan-yilga qisqartirib, ularning o‘rniga intensiv bog‘lar, yong‘oqzor va tokzorlar barpo etish, shuningdek, serdaromad bo‘lgan soya, qalampir va ko‘katlar ekish vazifasidan kelib chiqib, o‘zi ham yong‘oq plantatsiyasini tashkil qilish taklifi bilan chiqdi.

Mahorat darslari davomida, sohaning tajribali mutaxassislari, Andijon qishloq xo‘jaligi instituti o‘qituvchilari va “Rash-Milk” MCHJ rahbari Raxmiddin Mirzayevlar ishtirokida yoshlar uchun nazariy bilim va amaliy tajribalarga boy darslar davom ettirildi.

Shu bilan birgalikda tinglovchilarga fermer xo‘jaligini boshlash uchun qilinishi kerak bo‘lgan ishlar, uni yuritish va rivojlantirish, shartnomaviy hujjatlar bilan ishlash, fermer xo‘jaligi tarmog‘ini kengaytirishda davlat kreditlaridan unumli foydalanish haqida qiziqarli ma’lumotlar yetkazildi.

– “Bugungi yoshlar shunchaki kichik maqsad bilan yashashga, imkoniyalardan foydalanmaslikka haqqi yo‘q. Gohida kichik muammolardan cho‘chib, imkoniyatlarni qo‘ldan chiqaramiz. Bugun shu kabi fikrlar bilan o‘zimga katta motivatsiya oldim. Shuningdek, fermer xo‘jaligimni yuritishda kerakli huquqiy bilimlarni bergan yaxshi dars bo‘ldi”, – deydi yosh fermer Doniyorbek Xasanov.

O‘z o‘rnida tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirayotgan savollar va muammoli vaziyatlar bo‘yicha ham ma’lumotlar olishdi. Darslardan so‘ng mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘ylab sayohat tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur mahorat darsining dastlabkisi 1 dekabr kuni Toshkent viloyati yoshlari uchun o‘tkazilgan edi. Bu kabi mahorat darslari respublikamizning barcha viloyatlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.



Ulashing:

E'lon