logo
. . .


Joriy yilning 12 fevral kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi “Yoshlar press-klubi”da Oliy ta’lim muassasalari bakalavr bosqichi talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi stipendiyasi” sovrindolarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda turli davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, Ittifoqning faol a’zolari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Sovrindorlarni taqdirlash oldidan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Odiljon Tadjiyev hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Dilmurod Nabiyevlar tabrik nutqini so‘zlashdi. Mazkur tanlovdan ruhlangan Dilmurod Nabiyev endi Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi tizimida ham Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim stipendiyasi uchun tanlov joriy etilishini rejalashtirganini ta’kidlab o‘tdi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining 2017 yil 21 oktyabrdagi “Oliy ta’lim muassasalari bakalavr bosqichi talabalari uchun “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi” stipendiyasini joriy etish to‘g‘risida”gi 01-04/102-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 20-24 dekabr kunlari respublika komissiyasi (ishchi guruhi) tomonidan “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi stipendiyasi”ning respublika bosqichi o‘tkazildi.

Mazkur stipendiya tanlovi yoshlar ittifoqining oliy ta’lim muassasalari talabalari orasiga yanada chuqurroq kirib borishini ta’minlash va ta’sirini oshirish, oliy ta’lim muassasalari talabalarining jamoat ishlari va ittifoq faoliyatidagi faolligi hamda tashabbuskorligini rag‘batlantirish hamda ittifoq faoliyatini kuchaytirishda talabalarning iqtidori, ilmiy salohiyati, faolligi va shijoatidan unumli foydalanish maqsadida tashkil etildi. Tanlovning quyi bosqichlarida jami 1178 nafar talabalar ishtirok etib, Respublika bosqichiga 331 nafar talaba ishtirok etdi.

“O‘zbekiston yoshlar ittifoqi” stipendiyasining yakuniy respublika bosqichi ishtirokchilari ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-huquqiy bilimlari, oqilona fikrlashi, dunyoqarashi, taqdim etilayotgan loyihasining dolzarbligi, hayotga tadbiq etilishi hamda taqdimotning sifati va yondashuv uslubi kabi mezonlarda baholandi.

“O‘zbekiston yoshlar ittifoqi” stipendiyasi tanlovi respublika komissiyasining 2018 yil 23 yanvardagi yig‘ilishi qaroriga asosan, eng yuqori ball to‘plagan 14 nafar nomzod tanlov sovrindori etib belgilandi. Miqdori eng kam ish haqining 3 baravariga teng mazkur stipendiya talabaga 10 oy davomida iqtidor va salohiyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida taqdim etiladi. Eng muhimi, Yoshlar ittifoqi stipendiatlari “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni va “Kelajak bunyodkori” medalini olishga nomzod sifatida tavsiya etilishi mumkin.



Ulashing:

E'lon