logo
. . .


Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida yashovchi 21 yoshli Biloliddin Nabijonovning kelajakdagi orzulari bisyor, ko‘zlagan maqsadlari esa yuqori edi. Yigitcha kelajakda buxgalterlik yo‘nalishi bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishni niyat qilgandi. Ayni shu orzusi uni 2013-yil Guliston tumani Dehqonobod kasb-hunar kolleji tomon o‘qishga yetakladi. Mazkur ta’lim maskanida 3 yil davomida Buxgalteriya hisobi va audit yo‘nalishida tahsil oldi. 2016-yil kollejni tamomlar ekan, uning qalbida yangi hayot yo‘liga qadam qo‘yishdagi ulkan ma’suliyat hissi paydo bo‘ladi. Oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirib, talabalik baxtiga erisholmagan Biloliddin orqaga chekinmay o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish izlay boshladi. Bir yil davomida bormagan joyi, izlamagan ishi qolmadi. “Bo‘sh ish o‘rni yo‘q”, “ Bir oz vaqt kuting, bo‘sh ish o‘rni bo‘lib qolsa o‘zimiz bog‘lanamiz”, “Malakasizlarni ishga olmaymiz” qabilidagi ko‘plab noxush javoblarni eshitishdan charchagan qahramonimiz “So‘ngi umidim Yoshlar Ittifoqi tashkilotidan, hal bo‘lsa bo‘ldi, bo‘lmasa chet elga ishga ketaman”– degan hayol bilan 2017-yil 18 avgust kuni Yoshlar Ittifoqining Sirdaryo viloyati Guliston tumanidagi Hududiy Kengashi raisi Sherqo‘zi Qurbonov qabuliga yoziladi. Qabul navbati kelgach rais huzuriga kirib ishsizlik masalasida kechirgan bir yillik moddiy-ma’naviy qiyinchiliklari, sarsonu- ovoragarchiliklarini ro‘y-rost ma’lum qilib bandlikka ko‘maklashish bo‘yicha ko‘mak berishlarini so‘raydi. Buni qarangki, Biloliddinning iqboli kulib, bir yillik muammosi bir martalik murojaati bilan bir xafta ichida ijobiy hal etildi. Hududiy Kengash raisi Sirdaryo viloyati Guliston tumani xokimiyati bilan bog‘lanib Qabulxona kotibi lavozimiga Biloliddinni tavsiya qildi. “Omad bir kelsa – qo‘sha-qo‘sha kelar” deganlaridek, 25-avgustdan sinov muddati bilan ish boshlagan Biloliddin tashkilot ishonchini oqlash va berilgan tavsiyaga munosib bo‘lish uchun katta mas’uliyat va shijoat ila zo‘r berib ishlagan ekan, uning mehnatkashligini ko‘rgan rahbari sinov muddatini qisqartirib, 4-sentyabrdan rasman ishga qabul qilibdi. Murojaat natijasidan sevingan Biloliddin ushbu ko‘makni “Yoshlarga oid davlat siyosatinining amaliy ifodasi ekanligini, shaxsan o‘zi bunga guvoh bo‘lganligi, qolaversa o‘zining ishsiz tengdoshlariga ham Yoshlar ittifoqiga murojaat qilish taklifini berayotganligini mamnuniyat ila ta’kidladi. Biloliddinga zafarlar tilar ekanmiz, uning muvaffaqiyat hikoyasini sizning hayotingizda ham yaratishimiz va davom ettirishimiz mumkin. Buning uchun sizda harakat intilish va ishtiyoq bo‘lsa bas. Sizda ham yoshlar masalalari yuzasidan muammo va to‘siqlar mavjud bo‘lsa, o‘zingiz yashab turgan tumandagi hududiy Kengashlarimizdagi bandlikka ko‘maklashish bo‘yicha mutaxassislarimizga murojaat eting. Yoshlar ittifoqining barkamol avlodga ulashayotgan kichik muvaffaqiyati kelajakdagi ulkan yutuqlarga yo‘l ochishiga ishonchimiz komil.

Aziz zamondosh! Keling, ertamiz nurafshonligi, taqdirimiz buyukligi yo‘lida birga qadam tashlaylik. Zeroki, biz yoshlar– kelajak bunyodkorimiz.

Shaxnoza Nurullayeva



Ulashing:

E'lon