logo
. . .


Sir emas, O‘zbekiston yoshlari uchun hamma sharoitlar yaratilgan. Ta’lim desa — bepul, tibbiy ko‘rik desa —
bepul, iqtidorimni namoyon qilaman desa — Yoshlar ittifoqining yuzlab loyiha, tanlov, aksiya, grantlari bor... 

Birgina “Yosh kitobxon” respublika tanlovi g‘olibi uchun qo‘yilgan «Spark» avtomashinasining o‘zi bu boradagi islohotlarga yaqqol misol. 

Ta’kidlash joiz, bunday imkoniyatlardan barcha yoshlarimiz to‘liq foydalana olayotgani yo‘q.

Nega, nima uchun? degan savollar har doimgidek ochiq. Ba’zi yoshlarimiz “Darsga borishga yo‘lkira topolmayapman”, deya vaj keltiradi. Vaholanki, ular tungi klublar uchun mablag‘ni qayerdan olayapti? 

Savollar ko‘p. Millatimizning illati bo‘lmish loqaydlik qachongacha bizni ta’qib qiladi? Bugun respublika bo‘ylab Yoshlar ittifoqi qator hamkor tashkilotlar bilan birga tungi reydlar, nazorat tadbirlarini o‘tkazmoqda. 

Jumladan, kuni-kecha Navoiy viloyat Kengashi ham hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tungi reydlar o‘tkazmoqda. 

Ushbu reyd Navoiy shahridagi “Sharq” kafesi, “Sauna sputnik”, “Moskva” va “Jazz” kabi tungi klublarda o‘tkazilib, ushbu jarayonda spirtli ichimlik hamda chilim (kolyan) iste’mol qilayotgan 45 nafar nazoratsiz yurgan yoshlar e’tiborimizni tortdi. 45 nafar. Bitta hududda... 

Eng achinarlisi, ularning ichida 3-sinf o‘quvchisi borligi bizni ortga qarashga, xatolardan xulosa chiqarishga undadi. 
Axir, yashashning mazmun-mohiyatini to‘la anglashga ulgurmagan bu kabi yoshlarimizdan kelajakda nimani kutamiz...

Shuningdek, ayrim yoshlarimizning qo‘l telefoni tekshirilganida pornografik videolar topilayotgani, ular orasida qizlarimiz, bo‘lajak millat tarbiyachilari borligi har dam, har vaqt yoshlar tarbiyasi uchun nafaqat ota-ona balki, ta’lim muassasasi, mahalla, qo‘ni-qo‘shni, barchamiz mas’ul ekanligimizni yana bir bor namoyon qilib turmoqda. 

Kafelarni yuritayotgan tadbirkorlarimiz ham mo‘may pul topish ilinjida voyaga yetmagan yoshlarning qaltis qadam tashlayotganini bila turib, munosabat bildirmayotganligi jamiyat taraqqiyotiga bolat urmoqda. Tadbirkorlikning ham qonuniy asosi bor! 

Millatimiz birgalikda asraylik!



Ulashing:

E'lon