logo
. . .


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan 2018-yil 27-iyulda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish to‘g‘risida videoselektor o‘tkazilgan edi. Mazkur selektorda bajarilishi lozim bo‘lgan bir qator dolzarb vazifalar belgilab berildi. Videoselektorda ko‘ndalang qo‘yilgan topshiriqlarning ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 16-avgust kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida “Yangicha tizim tashkil etilmoqda – Jinoyat haqiqati va adolati” mavzusidagi navbatdagi yoshlar press-klubi bo‘lib o‘tdi.

Press-klubda jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir qilgan, jazo muddatini o‘tayotgan, o‘z joniga qasd qilishga uringan yoshlar hamda “Yoshlar kafilligi” asosida sud zalidan ozod qilinib, yengil jazo tayinlangan va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni asosida afv etilgan yoshlar bilan yakka tartibda ishlash maqsadida yangi mexanizm yaratish ustida muhokama olib borildi.

Sessiyada O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova, O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari Abdulaziz Mansurov, IIV HPBB bo‘lim boshlig‘i Islomiddin Xalikov kabi spikerlar ishtirok etishdi. Spikerlar jinoyatchilikni oldini olish, yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni kamaytirish, ularning ongiga huquqiy bilim va ko‘nikmalarni singdirish, shu orqali huquqiy madaniyatni oshirish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqishni o‘rtaga tashladilar.

Joriy yilda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va o‘z joniga qasd qilish holatlari tahlili raqamlar bilan ochib berildi. Suitsid sodir etishga imkoniyat yaratgan oilaviy muhit, jarayon ularning yaqinlari ishtirokida psixologik tahlil etildi. “Aurum 898” tungi klubida bo‘lib o‘tgan pichoqbozlik oqibatida o‘zbekistonlik erkin kurashchi Jamshid Kenjayevning vafoti tafsilotlari to‘g‘risida mahalla ispektori Ruslan Berdiyev hamda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi ma’lumot berib o‘tdi:

– Bu tungi klubda bir yilning ichida 3-marta jinoyat sodir etilishi. Fevral, iyun va nihoyat, kuni kecha 9-avgustga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tgan mudhish voqea. Bularning barchasi soat 12 dan oshganda ichkilikbozlik oqibatida sodir etilgan. Biz bu tungi klubni yopish haqida shahar hokimligiga maxsus xat bilan ham chiqqanmiz. Lekin ko‘rib turibsizki, u hamon faoliyat yuritmoqda. Va bir bolaning umriga ham zomin bo‘lib ulgurdi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik ham yoshlarni ma’naviyat o‘choqlariga yetaklash yo‘lida qilinayotgan ulkan ishlar, kitobxonlik tanlovlari bo‘lib turgan bir paytda, buzuqlikni targ‘ib qiluvchi tungi klublarni jamiyat uchun hech qanday keragi yo‘q ekanligini ta’kidladi:

– Bundan 15 yil oldin, “Talvasa” romanini yozayotganimda, asarim uchun tungi klublarga muhitni o‘rgangani kirganman. O‘shanda u yerga insonlar emas, odam shaklidagi maxluqlar kirishiga guvoh bo‘lganman. Men u joyni tungi klub demasdim, “buzuqlik klubi” degan bo‘lardim. O‘shanda ko‘p sirlarga ham guvoh bo‘lganman. Tungi klublarga kirganlar biladi, uni o‘ziga tortadigan ohanrabosi bor. Bu nima bilasizlarmi? Afyun. Ular afyun zarralarini havo sovutkichlarining (konditsioner) ustiga sepib qo‘yishadi. Keyin havoga qo‘shilgan mast qiluvchi hid klubga kirganlarni hushini o‘g‘irlaydi. Tadbirkor niqobi ostida tungi klublarni ochib qo‘yib, falon so‘m pul topayotgan do‘stlarim, Prezidentimiz Sizlarga yaratib berayotgan imkoniyatlarni suiste’mol qilmang. Harom luqmani bolangizga yedirmang, degan bo‘lardim. Bizga bunday klublarni umuman keragi yo‘q.

Press-klubda yoshlar spikerlarga o‘zlarini qiziqtirayotgan savollar bilan murojaat qildilar. Tadbir so‘ngida erkin muloqot maydonida bahsga kirishgan sessiya tinglovchilari yoshlar jinoyatchiligini kamaytirish va oldini olish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini ham bildirib o'tdilar.

Go'zal Ohunova



Ulashing:

E'lon