logo
. . .


Bugun bilagi kuchga to‘lgan, jasur sportchi yoshlarimiz xalqaro olimpiadalarda o‘z qudratini namoyon etib, shohsupalarda faxrli o‘rinlarni egallab, yurtimiz nufuzini oshirib qaytishmoqda. Bu farzandlar mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib, xalqimizning, millatimizning faxri, shon-shuhratiga aylanib ulgurgan.


Biroq, ayrim yoshlar osongina nom chiqarish, odamlarni hayratga solishni istab qolishgan shekilli, jamoat joylarida o‘zlarini “mushtumzo‘r” qilib ko‘rsatish maqsadida “ishkal” deb nom olgan turli xil ko‘ngilsizliklarni, vahshiyona harakatlarni amalga oshirayotganini tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatishni odat qilgan. Bu holatni, asosan maktab bitiruvchilari va kollej o‘quvchilari o‘zlarining «zamonaviy urfiga» aylantirib olishgan. Unga ko‘ra, har bir maskanning bitta «Zo‘ri» bo‘lmog‘i kerak. Ushbu maqomga esa kimlarningdir og‘zi-burnini qonatib, o‘lasi qilib do‘pposlabgina erishiladi. Taassufki, bu ishkalchi tengqurlari o‘rtasida xohlagan odamini masxara qilib nafsoniyatiga tegishga, xohlagan vazifasini buyurishga haqlilik vakolatini ham qo‘lga kiritarkan. Vaziyat shu darajaga yetib borganini ko‘rib, “Bizning davomchilarimizdan shu qadar qabih, razil kimsalar chiqishi mumkinmi?– deya hayratlanib qolamiz. Ha, ayni kunlarda ba’zi ta’lim maskanlarida shu kabi zo‘ravonlik muhiti hukm surmoqda.


Bu mavzuga to‘xtalishimizga sabab, joriy yil davomida kollejlarda yoshlarning o‘zi bilan o‘tkir tig‘li buyumlar, jumladan, qaychi, pichoq, bigizlarni olib yurishi natijasida, ko‘cha-ko‘yda janjallar chiqib tengdoshlariga turli xil tan-jarohatlari yetkazilgan va hattoki, oqibati o‘lim bilan yakun topgan holatlar sodir bo‘lmoqda. Bunday jinoyatlarning soniga son qo‘shilib borishi, ayrimlarining xalq orasida ovoza bo‘lib ketishi ko‘pchilikni, ayniqsa, ota-onalarni tahlikaga solyapti. Jinoyat ketidan jinoyat sodir bo‘laverishi ota-onalarni, maktab, kollej rahbarlarini, o‘qituvchi va yetakchilarni ta’lim-tarbiya borasida ogohlikka chaqirishi tayin. Ular bunday achinarli holatlarning kelib chiqishi va uning oldini olish uchun qanday takliflar bildirishadi? Bu harakatlar qanchalik samara beradi?
Bu savolga Sirg‘ali tumani 3 umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Nigora Jabborovadan javob olamiz. 


– Nazarimda, bugungi kunda yoshlar o‘rtasida ro‘y berayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning ko‘payishi ota-onalar, maktab, mahalla – deyarli barchaning tarbiya borasidagi mas’uliyatsizligi va beparvoligi evaziga sodir bo‘lyapti. Yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklarning aksariyati balog‘at yoshiga yetib-yetmagan yoshlar o‘rtasida kelib chiqadi. Bu esa yoshlarning fe’l-atvoridagi davr bilan bog‘liq o‘zgarishlarga asoslanadi. Bu vaziyatda katta mas’uliyat sinf rahbari va ota-ona yelkasida turadi. Farzandlarining ayni shaxs darajasiga yetishish pallasida ayrim ota-onalar farzandiga do‘stona munosabatda e’tibor qaratish o‘rniga, bolaning ulg‘ayganini ro‘kach qilib, nazoratni susaytiradi. Ota-onalardan nazorat va e’tiborni so‘rab, dakki-dashnom eshitib qolgan o‘qituvchilar esa oxiri “Menga nima? Kap-katta ota-onasi tushunmagan ma’naviyatni bolasiga uqtirib bo‘larmidi?!” ohangida bariga qo‘l siltab qo‘yadi. Bu esa yoshlarning o‘zlarini butkul mustaqil his qilib, o‘z “Men” ini ko‘rsatishiga yo‘l ochib beradi. Oqibatda, ko‘ngli tusagan ishni qilib, turli-tuman oqimga bosh suqib ketaveradi. Muammoning boshi ham, masalaning yechimi ham ayni shu nuqtada joylashadi.
 

To‘g‘ri, ba’zi holatlarda o‘qituvchilar orasida ham ta’lim-tarbiya borasida nuqsonlilari uchrab turadi. Yoshlardagi dunyoqarashning kengligi, fikrning teranligi o‘qituvchi saviyasiga ham bog‘liq. Chunki ta’lim va tarbiya bir-biridan ayrilmaydigan, o‘zaro bog‘liq tushunchalardir. Tarbiya beruvchi ota-onalar o‘zlari rioya qilmaydigan tartib intizomni farzandlaridan talab qilishi o‘rinsizligidek, ta’lim beruvchi ustozlar ham sohasi bo‘yicha yetarlicha bilim va ko‘nikma hosil qilmas yekan, o‘quvchilarining savodi charxlanmaydi. Shu sababli oxirgi paytda o‘qituvchilardagi avvalo, o‘tkir savodxonlik, nutq madaniyati va psixologik bilim va ko‘nikmalar borsida talabchanlik qilyapman. Bundan tashqari bolalarning ruhiy muammolariga ota-ona va yaqinlarining yetarlicha e’tibor qilmasligi sabab bo‘ladi. Nazoratsiz qolgan bolalar tarbiyani oiladan, maktabdan emas teleko‘rsatuvlardan, internet, ko‘cha-ko‘ydan oladi. Mutaxassislar fikricha, bola ongini bir soniya ham bo‘sh qo‘yib bo‘lmaydi. Bekorchilik natijasida yot g‘oyalar to‘riga ilinadi. Chunki u hali, oq-qorani ajrata olishga qodir emas. Shu bois, bola tarbiyasida mehr-e’tibor va nazoratda xislat ko‘p. Aslida haqiqiy maktab oiladan boshlanadi.
 

Bu borada ota-onalar bilan suhbatlashganimizda esa ular maktablarda, mahallalarda turli to‘garaklarni ko‘paytirish, ayniqsa, sport bilan shug‘ullanish, fanlarni chuqurlashtirish bo‘yicha arzonlashtirilgan kurslar tashkil etishni muammoning yechimi sifatida ko‘rsatishdi. Shuningdek, badiiy adabiyot, she’riyat kechalarini, insho, diktant, bayon yozish kabi musobaqalarni ko‘paytirish hamda g‘oliblarni munosib rag‘batlantirish masalalarini ko‘rib chiqish lozimligini ham ta’kidlashdi. Ularning fikricha, yoshlar orasidagi barcha ko‘ngilsizlikning ortida bekorchilik illati turadi. Yoshlar vaqtini samarali va mazmunli o‘tkazishni to‘g‘ri tashkil etish orqali jinoyatlarning oldi olinadi.
Yurtboshimizning joriy yil 30 iyun kuni “Kamolot” qurultoyida yoshlar muammosi xususida so‘zlagan nutqlarida “Yoshlar o‘rtasida jinoyat sodir etish, diniy ekstrimistik oqimlarga, terrorchi guruhlarga qo‘shilib qolish holatlari kuzatilmoqda. 2016 yilda yoshlar ishtirokida 1 mln 740 mingga yaqin huquqbuzarlik, 23 ming 440 ta jinoyat sodir etilganligi, yosh oilalar o‘rtasida 8 mingdan ortiq ajralish holati qayd etilgani barchamizni jiddiy tashvishga solishi kerak “ degan edilar.
 

Yuqorida keltirilgan raqamlardan ma’lumki, biz mazkur illatga qarshi kurashish, uni bartaraf etish uchun e’tibor va nazoratni yanada kuchaytirimiz darkor. O‘quv maskanlariga kelayotgan o‘quvchilarning sinfga kirish oldidan sumkalarigacha nazorat qilishni yo‘lga qo‘yish, ularning uyali aloqa vositalarini doimiy tekshirib borish ham foydadan holi emas. Bugun ota-onalarning hammasi ham farzandlariga to‘g‘ri tarbiya bera olishyapti deya olmaymiz? Afsuski, keyingi paytda yoshlardan ham ko‘ra ayrim ota-onalarning o‘zlarini tarbiyalash kerakka o‘xshaydi.Ular orasida ommaviy madaniyatga berilgan yoki moddiy boylikni ma’naviy boylikdan ustun qo‘yuvchilari ham topiladi. Bu kabi insonlar tufayli farzandining maktabida o‘tkaziladigan “Ota-onalar” majlisi yoki “Otalar” majlisida ba’zi tegishli o‘rindiqlar bo‘sh holda qolmoqda? Xo‘sh, ularning ko‘zqorachig‘idek asrab voyaga yetkazgan bolalari kelajagiga befarq bo‘lishlariga arzigulik qanday sabablari bo‘lishi mumkin. Har holda ular uchun bola tarbiyasi, uning kelajagi va sog‘ligini ta’minlashdanda ustuvor vazifa bo‘lmasa kerak. Hozir farzandlarimizning tarbiyasiga beparvo bo‘lsak, keksayganimizda ular ham bizga nisbatan shu yo‘l bilan javob qaytarmasliklariga kim kafolat beradi?
Abdulla Avloniy aytganlaridek, “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”.
 


Shaxnoza Nurullayeva,
Yoshlar media markazi



Ulashing:

E'lon