logo
. . .


Avval xabar berganimizdek, bugun O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi o‘rtasida anglashuv Memorandumi imzolandi.  Tadbir yuqori saviyada tashkil etildi. 

Ushbu hamkorlik doirasida tomonlar quyidagi vazifalarni amalga oshiradi: 

— yoshlarning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularni qo‘llab-quvvatlash; 
— yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish;
— demokratik davlat qurishda bilim va salohiyatini safarbar qiladigan, mamlakat istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir yoshlar safini kengaytirish; 
— Temurbeklar maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, umumta’lim maktablari o‘quvchilarining faolligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish; 
— yosh harbiy xizmatchilarning, shu jumladan, chaqiruvga qadar yoshlarning ilmiy va badiiy kitoblar, jumladan, elektron asarlarni o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, huquqiy, ekologik, tibbiy va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali ularda turli mafkuraviy tahdidlarga, xususan, diniy ekstremizm, terrorizm, “ommaviy madaniyat” va boshqa yot g‘oyalarga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirishda ishtirok etish kabi qator vazifalar belgilandi. 

Kelishuvga muvofiq, endilikda Mudofaa vazirligida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilotlari faoliyati takomillashadi. Yosh harbiy xizmatchilarning erta turmush qurish va oila oldidagi mas’uliyatini yanada oshirishga qaratilgan samarali tadbirlar tashkil etiladi. Harbiy xizmatchilar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish hamda profilaktikasi ishlari yanada kuchaytiriladi. 

Qolaversa, yosh harbiy oilalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillarini ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib turar-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratishga amaliy ko‘mak beriladi. 

Ta’kidlash joizki, tadbir davomida ochiq muloqot ham tashkil etildi. Yoshlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyati va O‘zbekiston Qurolli Kuchlari sohasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tashkilotlarning birinchi o‘rinbosarlari tomonidan aniq va lo‘nda javoblar olishdi. 

Shuningdek, tadbirda Qurolli Kuchlari Davlat muzeyi burchagi tashkil etilib, unda turli eksponatlar namoyish etildi. Qurolli Kuchlar ashula va raqs ansambli chiqishlari esa yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi. Ushbu hamkorlik kelgusida yoshlar manfaatini to‘laqonli himoya qilishda muhim amaliy qadam bo‘ldi. 



Ulashing:

E'lon