logo
. . .


Kuni kecha O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat Kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Ko‘chma kutubxona” loyihasi Paxtachi tumanidagi “Qarnabota” qishlog‘i tomon yo‘l oldi.

Samarqand shahridan salkam 200 km. uzoqlikda bo‘lgan bu qishloq tog‘li hudud bo‘lib, qishloqda adabiyotsevar va san’atsevar xalq yashaydi. Qishloq aholisi uchun loyiha o‘zgacha taassurot qoldirdi va ular bu kabi tadbirlarni qishloq ahli uchun yanada ko‘proq tashkil etish taklifini bildirishdi.

“Qarnabota” qishlog‘ida tashkil etilgan “Ko‘chma kutubxona” loyihasi doirasida o‘zbek va jahon adabiyotining eng sara badiiy asar, hikoya va she’rlar to‘plamini o‘z ichiga olgan jami 150 ta kitoblar yoshlarga bepul taqdim etildi. Ushbu kitoblarni qo‘lga kiritish uchun yoshlar “bir savolga – bir javob” berishdi.

– Men bu aksiya doirasida o‘tkazilgan savol-javoblarga boy bo‘lgan kitob viktorinasida g‘olib bo‘ldim. Bunday tadbirlar orqali kishilarning kitobxonlik saviyasi oshib, kitobga bo‘lgan mehri yanada kuchayadi, - deydi “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining 10-14 yosh toifasida tuman birinchiligini qo‘lga kiritgan 24-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Mahliyo O‘roqova.

Tadbir yakunida tuman yoshlari o‘z ijod namunalaridan o‘qib berishdi.



Ulashing:

E'lon