logo
. . .


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-noyabrdagi PQ-3402-son qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi PF-5106-sonli Farmoniga muvofiq «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti ta’sis etilganligi munosabati bilan mamlakatimizda buyuk ajdodlarimizga munosib bo‘lgan, mardlik va jasorat, qat’iyatlilik, halollik, vatanparvarlik kabi fazilatlarga ega mard o‘g‘lonlarimizni tarbiyalash hamda jamiyatimiz hayotining turli sohalarida yuqori natijalarga erishib kelayotgan bilimli, tashabbuskor, ishbilarmon, shijoatli va fidoyi yigitlarni rag‘batlantirish maqsadida:

1. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining «Mard o‘g‘lon» davlat mukofotini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 2 nafardan vakillariga har yili «Yoshlar kuni» arafasida topshirish haqidagi taklifi ma’qullansin.

2. Belgilab qo‘yilsinki:

«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, ijtimoiy faolligi va iste’dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan iqtidorli yigitlarga fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot, san’at, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat sohalarida hamda huquqni muhofaza qilish organlaridagi faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun beriladi;

«Mard o‘g‘lon» davlat mukofotiga talabgorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha Komissiya (keyingi o‘rinlarda — Komissiya) tomonidan ko‘rib chiqiladi. Uning natijalariga ko‘ra Komissiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritiladi;

«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan amalga oshiriladi;

«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida belgilanadi;

«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sohiblari bo‘lgan umumta’lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining o‘quvchilari oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga, oliy o‘quv yurtlari talabalari yoki bakalavr darajasiga ega yoshlar esa magistratura bosqichiga tegishli yo‘nalish bo‘yicha kirish imtihonlarisiz davlat grantlari asosida kabul qilinadilar.

3. «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti to‘g‘risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti ko‘krak nishonining tavsifi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi «Mard o‘g‘lon» davlat mukofotini berish, uning ko‘krak nishonlari va diplomlarini tayyorlash bilan bog‘liq sarf-xarajatlar uchun O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashiga O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan tegishli mablag‘larni ajratsin.

6. Komissiya bir oy muddatda «Mard o‘g‘lon» davlat mukofotiga talabgorlarni tanlash va ularning hujjatlarini taqdim etish tartibi to‘g‘risida yo‘riqnoma ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda normativ-huquqiy hujjatlarga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni kiritsin.

8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi - O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Q.Quranbayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi   Prezidenti                                                                           Sh.Mirziyoyev

 

Yuklab olish (.pdf 724 kb)



Ulashing:

E'lon