logo
. . .


Joriy yilning 6 avgust kuni Namangan shahrida Yoshlar masalalari bo‘yicha Respublika idoralararo Kengashining 2018 yil 22 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi majlisi bayoni bilan tasdiqlangan Dastur hamda “Yoshlar-kelajagimiz” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida tajribali tadbirkorlar ishtirokida yoshlar hamda yosh tadbirkorlar uchun “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzusida mahorat darslari, amaliy seminarlar hamda viloyatdagi yirik ishlab chiqarish obyektlariga sayohatlar tashkil etildi.

Jumladan, kunning birinchi yarmida muvaffaqiyatga erishgan tajribali tadbirkorlarni Namangan shahrida yaqinda ish boshlagan “Davlat xizmatlari” markaziga tashriflari tashkil etildi. Tashrif davomida aholi hamda tadbirkorlar uchun yaratilgan imtiyozlar va ko‘rsatilayotgan 100dan ortiq xizmatlar bilan yaqindan tanishdilar. Markazning tegishli mutasaddi xodimlariga o‘zlarini qimmatli maslahatlarini o‘rtoqlashdilar.

Tadbirda mamlakatimizning muvaffaqiyatga erishgan yetakchi tadbirkorlari Xalqaro biznes va texnologiyalar assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Hikmat Abdurahmonov, “Ofiss market” raxbari Xasan Mamasaidov, “Deli.uz”rahbari Xusan Mamasaidov, -“Edu-Action” asoschisi Umidjon Ishmuxammedov, “Ground Zero” kovorking markazlari rahbari Abdulahat Kuchkarov, “Fiori Flower Boutique” asoschisi Nodira Vaxidova, “Nestle O‘zbekiston” kompaniyasi jamoatchilik hamda aloqalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Nigora Akilova hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan yoshlar “Rouston” milliy mebel mahsulotlari savdo majmuasiga, “Istiqlol dizayn markazi” MCHJga hamda “Aisha Home Textile” qo‘shma korhonasiga tashrif buyurib, ishbilarmonlarning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Kunning ikkinchi yarmida Namangan viloyati hokimligi binosida viloyat hokimining o‘rinbosari P.Matkarimov boshchiligida viloyatimizning yetakchi yosh tadbirkorlari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

“Global tadbirkorlik tarmog‘i”doirasida tashkil etilgan mahorat darslari hamda seminarlar doirasida “Yoshlar-kelajagimiz” shiori ostida Namangan “Yoshlar markazi”da 30 nafardan ortiq yosh tadbirkor, hunarmand va fermerlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Muvaffaqiyatga erishish sirlari mavzusidagi kengaytirilgan mahorat darsi “Namangan yoshlar markazi”da bo‘lib o‘tdi. 340 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etgan uchrashuvda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari, uyushmagan yoshlar hamda yosh tadbirkorlar “Muvaffaqiyatga erishish sirlari”ni mamlakatimizning yetakchi tadbirkorlaridan o‘rganishdi.

Mamlakatimizning tajribali tadbirkorlari yoshlarga muvaffaqiyatga erishishning omillari haqida o‘z hayotiy tajribalaridan kelib chiqqan holda so‘zlab berdi. Mutaxassislar tadbirkorlik faoliyatiga oid qonunlar, biznes-reja tuzish va uni amalga oshirishda bank kreditlaridan foydalanish kabi masalalar yuzasidan tushuncha va tavsiyalar berdi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Yoshlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan tadbirlarda jami 830 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etishdi.



Ulashing:

E'lon