logo
. . .


Oila har birimizga daxldor maskan. Oilamiz mustahkamligi bizning – baxtimiz, quvonchimiz. Zero, baxtli oilada baxtiyor farzandlar – bizning ertangi kunimiz ulg‘ayadi.

BMTning 1993-yil 20-sentyabrdagi qaroriga ko‘ra, 15-may butun dunyoda “Xalqaro oila kuni” sifatida belgilangan. Shundan buyon “Xalqaro oila kuni” muntazam nishonlab kelinadi. O‘zbekistonda-chi? Yurtimiz ushbu hujjatni 1994-yil 15-mayda tasdiqlagan va mazkur yildan boshlab biz ham Xalqaro oila kuniga begona emasmiz. O‘tayotgan haftada Xalqaro oila kunining belgilanganiga 25 yil to‘ldi. Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishi qaroriga ko‘ra, o‘tayotgan hafta yurtimizda “Mustahkam oila haftaligi” deb e’lon qilindi.

Joriy yilning 17-may kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi “Yoshlar press-klubi”da “Mustahkam oila haftaligi” doirasida “Oila mustahkam bo‘lsa, farzand baxtli bo‘ladi” mavzusida  ochiq muloqot bo’lib o’tdi.

Press-klubga spiker sifatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i – Inobat Karimova, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi – Nodira Karimova, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish komissiyasi Toshkent shahar Kengashi bosh mutaxassisi – Omila Aripova, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bo‘limi mudiri – Gulhayo Irgasheva, shuningdek, faol yoshlar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Ochiq muloqot oila mustahkamligiga salbiy ta’sir qilayotgan omillarga qarshi kurashish, oilaviy ajrimlarning oldini olish, yosh oilalar mustahkamligida kelin-kuyovlarning ma’naviy olamini yuksaltirish maqsadida o’tkazildi.

Muloqot davomida oila mutahkamligiga doir masalalar bo‘yicha fikr mulohazalar yuritilib, yoshlarga oila qurishda kerakli tavsiyalar berildi. Tadbir so‘ngida spikerlar savollarga javob berishdi.

–Oila mustahkamligi nafaqat bir oilaning balki, butun bir jamiyatning muammosiga aylanmoqda. Bugungi kunda sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklarning kelib chiqishiga  oiladagi nosog’lom muhit sabab bo’lmoqda. Oilaning mustahkamligini ta’minlash, undagi og’riqli nuqtalari ustida ishlash, yoshlarni oila qurishga tayyorlash bugungi kunda eng ustuvor vazifalarimizdan sanaladi. Aynan bu yo’nalishda O’zbekiston yoshlar ittifoqi ham “Xalqaro oila kuni” munosabati bilan muhim haftalik doirasida samarali tadbirlarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz. Bu haftalikda yosh oilalarga har tomonlama ko’mak berildi. Ularga psixologik yordam ko’rsatilib, huquqiy savodxonliklarini oshirishga qaratilgan davra suhbatlari tashkil qilindi. Ajrim yoqasidagi bir qancha oilalar yarashtirildi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bo‘limi mudiri – Gulhayo Irgasheva. 

Tadbirda haftalik doirasida oilaviy kitobxonlik kunlari, diniy ma’rifat ulashuvchi tadbirlar tashkil etilishi haqida atroflicha ma’lumot berildi. Bundan tashqari, spikerlarning O‘zbekistonda oila institutini rivojlantirish borasida davlat ahamiyatiga molik chora-tadbirlar ahamiyati, mahallalardagi yarashtirish komissiyalarining turli oilaviy kelishmovchiliklarni oldini olishdagi islohotlari, yurtimizda har chorshanba kunining “Ahil oila kuni” deb belgilanishi, Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishi bayonida “Ibratli oila” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilishi hamda ramziy ma’nodagi “Oila” madhiyasi yaratilishi xususidagi fikr-mulohazalari tinglandi.

Shaxnoza Nurullayeva

 



Ulashing:

E'lon