logo
. . .


O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘z faoliyatida yana bir muhim qadamni tashladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi o‘rtasida yoshlar masalalari sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi.

Unda Ittifoq faollari, yoshlar, sudyalar, sud xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Oliy sud raisi K.Kamilov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Q.Quronboyev uchrashuv avvalida mamlakatimizda yosh avlod vakillarining manfaatlarini to‘laqonli himoya qilish, yoshlarni qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash, huquqbuzarlik va jinoyatchiliklarning barvaqt oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlashdi.

Ushbu Memorandum davomida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi quyidagi ishlarni amalga oshiradi.

Yoshlar, ayniqsa, uyushmagan yoshlar bilan ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotlarni yo‘lga qo‘yadi.

Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, sud-huquq tizimidagi islohotlardan boxabar etish, ularni qonunga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida sud binolarida o‘tkaziladigan ochiq sud majlislari jarayonlarida ishtiroki ta’minlanadi.

Yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq ijtimoiy ahamiyati muhim bo‘lgan sud ishlari bo‘yicha sayyor sud majlislarida yoshlar, ayniqsa, uyushmagan yoshlarning ishtiroki ta’minlanadi.

Yoshlar tomonidan sodir etiladigan huquqbuzarlik va jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan jazo tayinlashda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining kafolat xatiga asosan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turini tayinlash mexanizmini joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlab boriladi.

Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan, shu jumladan muddatidan ilgari shartli ozod etilgan hamda sud zalidan ozod etilgan yoshlar, shuningdek, yoshlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar va jinoyatlar bo‘yicha statistik ma’lumotlar almashtiriladi.

Yoshlar o‘rtasida erta nikohga kirishish, yosh oilalarning ajralishlarini oldini olish, yoshlar orasida mulkiy tusdagi (qarz, kredit, ijara) va boshqa fuqarolik huquqiy munosabatlardan vujudga keladigan nizolarni oldini olish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshiriladi.
O‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan quyidagi dolzarb masalalar tizimli ravishda amalga oshiriladi…

Viloyat, tumanlararo, tuman (shahar) sudlari sudyalarining yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan ochiq muloqotlar, uchrashuvlarda ishtiroki ta’minlanadi.

Viloyat, tumanlararo, tuman (shahar) sudlari tomonidan yoshlar masalalariga oid va ular ishtirokidagi sayyor sud majlislari haqida, sud majlisining kuni, vaqti va joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy Kengashlariga yuborilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat va tuman (shahar) sudlari tomonidan yoshlarga (o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan shaxslar) oid jinoyat ishlari bo‘yicha, sud tomonidan tayinlangan jazoning og‘irroq turi (JKning 44, 46, 471 - moddalari) bilan almashtirish bilan bog‘liq ishlar haqida sud muhokamasi qachon va qayerda o‘tkazilishi haqida uning ish, o‘qish yoki yashash joyidagi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy Kengashiga xabar beradi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat va tuman (shahar) sudlari tomonidan ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan va jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilgan yoshlar bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni O‘zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy Kengashiga taqdim etadi.

Bundan keyin, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi jinoyat ishi sudda ko‘riladigan yoshlarning shaxsini, oilaviy sharoitini, ma’naviy muhitini o‘rganib chiqish hamda ushbu shaxsga kafolat xati beradi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hududiy Kengashlari tomonidan sudga taqdim etish maqsadida kafillikka olinuvchi shaxsni yangi jinoyat sodir etishining oldini olish, uni sog‘lom muhitga qaytarish, o‘qish yoki kasbga yo‘naltirish borasida aniq va maqsadli individual dasturlarni amalga oshiriladi.



Ulashing:

E'lon