logo
. . .


 

— Ona, hoy ona, rais buvaning oq nonini kim yeb qo‘ydi? — pastakkina loysuvoq uydan otilib chiqqan bolakayning ovozi va darg‘azab nigohlari supada yong‘oq po‘stlog‘idek archilib ketgan qo‘llari bilan savat to‘qib turgan Umriniso xolaning yurak-bag‘rini teshib o‘tdi.

— Nonnimi, nonni, bolam, haligi …

— Nega axir o‘zi bir bo‘lakkina edi. Dashtdan bir qop anqov terib kelganingdan keyin qolganini yeysan degandingiz-ku!?Umriniso xola indamadi. Bolasiga ichi achiganidanmi, yoki taqdirning bu sinovlaridan ezilibmi jo‘yakcha shakliga kirgan ajinlaridan ko‘z yoshlari siza boshladi. Onasining bu holatini zimdan kuzatgan bolakay ham yig‘lay-yig‘lay bug‘doy va makajo‘xori unidan aralashtirilib pishirilgan qop-qora nonni suvga botirib qattiq-qattiq tishlay boshladi.

— Ona, nega rais buva oq non yeydi, biz esa qora?  Bolakayning jovdirab turgan ko‘zlariga, oftobning issiq taftidan qorayib ketgan yuzlari-yu qo‘l-oyoqlariga, juldirab qolgan egni-boshiga qarab onaning rahmi keldi.

— Hali bizlar ham oq non yeydigan yorug‘ kunlar keladi, bolam, albatta keladi, — deya Umriniso xola bolasini qattiq bag‘riga bosdi, peshonasidan o‘pdi. — Hech bo‘lmaganda sizlar o‘sha kunlarni ko‘rasizlar!

Endigina tandirdan shirmoy bo‘lib uzilgan nonni, birinchi navli bug‘doy unidan tayyorlangan turli shirinliklarni yemay xarxarasha qilayotgan nevarasiga qarab To‘xta boboning xotirasida jonlangan ushbu voqea kechagidek yodida. Biroq bolaligi bilan qolib ketganiga shukrona aytdi. «Xayriyat, bolalarim, nevaralarim u kunlarni ko‘rmadi. Mustaqillik — to‘kinlik berdi. Eh, rais buvaning oq noni. Nega o‘shanda bolalik qildim. Axir uyda onamdan boshqa birov yo‘q edi-ku! Ko‘ngillari oq nonga ketgan ekanda… Onam, onaginam-a! Bir martagina oq nondan tatib ko‘ray degan ekansizda”. Bobo shunday deya shivirlab-shivirlab qandolat mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonasi tomon yengil mashinasida shoshildi.

«Ha, siz aytgan va kutgan o‘sha yorug‘ kunlarda, siz orzu qilgandek yashayapmiz, onajon!!!” Orqasidan munisgina onasi duaga qo‘l ochgandek bo‘ldi.

SINFDOSHIMNING ARMONI

Osmonni har gal momaqaldiroq gumburi to‘ldirganida o‘sha sodda va sofdil sinfdoshimning armonlarini eslayman, orzularini eslayman. Yomg‘ir o‘yinqaroq bolalar uchun misoli tabiat in’om etgan sovg‘a edi. To‘yib- to‘yib, kulib-kulib o‘ynardik. Lekin negadir o‘sha sinfdoshim xomush tortar, bizga qo‘shilmasdi. Sababini so‘raganimda esa: “Bilasanmi, onam hozir nima ish bilan band. U hozir uyimiz tomidan tomchilayotgan chakkilarga qarab yig‘lab o‘tirgandir. Har gal yomg‘ir yoqqanida onam tuni bilan tog‘oradagi chakki suvlarni tashib chiqadi. Bir gal hatto chakkilar tagida tong ottirganmiz. Mana, nega yomg‘irni yomon ko‘raman…” Indamadim. U meni eshitadigan holatda emasdi.

Yaqinda qishlog‘imizga bordim. Juda bejirim shaklda qad rostlagan imoratga mahliyo bo‘lganimni sezgan onam “Bu uy sinfdoshing Madinalarniki. Otasi bankdan kredit olib tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Qishloqqa ham ancha-muncha foydasi tegib turibdi”. Ich-ichdan quvondim. Sinfdoshimning orzusi ushalibdi. Eh, Mustaqillik bergan ne’matingga shukr!

KO‘KARMAGAN TOL

Bolalikning xayollari qiziq ekan. Hovlimizning orqasidan ariqcha o‘tgandi. Chekkalariga dadam tol niholini o‘tqazib, atrofida o‘ynamasligimizni uqtirgandi. Quloqsiz bolalik. Nima bo‘ldi-yu o‘yindagi koptok endigina qaddini ko‘z-ko‘z qilishga shaylangan niholning qomatini bukib qo‘ydi. Dadamni xafa qilishdan qo‘rqdik. Qo‘shnimizning endigina ko‘karib, bargchalariga quyoshning zarrin nurlari tushayotgan tolchasini ildizidan shart uzdim-da, haligi niholcha o‘rniga o‘tqazib qo‘ydim. Tagiga suv quydim. Uning ko‘karib ketishini Xudodan astoydil so‘radim. Lekin u baribir ko‘karmadi. Bir tekis o‘sgan nihollar orasida o‘sha joyda bo‘shliq paydo bo‘ldi.

Yillar o‘tdi. Angladim. Birovning nasibasi, baribir birovniki ekan. O‘z rizqingni o‘zing ekishing, o‘z kelajagingni o‘zing qurmog‘ing, biror bo‘shliq paydo bo‘lmasligi uchun esa xatolardan ehtiyot bo‘lishing lozim ekan.

Ha, bugun mustaqil O‘zbekistonimiz osmonida hurlik shabadalari esmoqda. O‘tgani o‘tib ketdi, deyish ham mumkin. Lekin bu voqealarni, avvalo o‘zim, keyin sen uchun esladim. Biz kulishga ulgurmay baxtimiz kulayotgan zamonning qadriga yetish uchun ham esladim. Erkning sharofati, Mustaqillikning nazri-niyozi, insonparvar jamiyatda tinch va farovon yashayotganimiz uchun ham esladim. Aytchi, tengdosh bobong, buving qanaqa zamonda yashagan? Ko‘nglida “Ishlash kerak, ishlash kerak, ko‘p-ko‘p paxta terish kerak”, degan o‘ydan yana nima bo‘lgan?

QORINNING TO‘QLIGI — ISHCHI KUCHINING ZARURLIGIDA  EDI…

Birinchi Prezidentimiz I.Karimovning bosh g‘oyasi “Kecha kim edig-u bugun kim bo‘ldik? Ertaga qanday marralarni egallashimiz kerak?” bo‘lgan “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” deb nomlangan kitobini o‘qib ishonch degan tuyg‘uning mohiyatini angladim. Albatta, Prezidentimiz ham xalqi, uning istiqboli, ona-yurtning kelajagini har kimga ishonmadi. Aynan yoshlardan umid qildi.

Kitobda keltirilishicha, biz mustaqillikka erishgan dastlabki kunlarda mamlakatimizda bir hafta-o‘n kunga yetadigan un qolgan, do‘konlarning peshtaxtalari bo‘m-bo‘sh, odamlar qahr-g‘azab va sarosimaga tushgan, qo‘rquv, xavotirda, ertangi kuniga ishonchi so‘ngan. Hatto loysuvoq devorini oqlab qo‘yishga ham holi yo‘q, ularning fikri faqat ertaga bolalarimni nima bilan boqaman, bir burda nonni qayerdan topaman, degan og‘ir o‘y-xayol bilan band edi.


90-yillarda agrar o‘lka bo‘lgan, paxta yakkahokimligi avj olgan O‘zbekistonga kartoshka, don, sabzavot, go‘sht va sut mahsulotlari chetdan olib kelingan. Vaholanki, bu mahsulotlarni o‘zimizda, serhosil dalalarimizda yetishtirish mumkin edi. Sobiq tuzum davrida odamlar yil 12 oy har oyda 2 kilogrammdan beriladigan Moskvadan keltirilgan go‘sht, kartoshkaga turnaqator navbatda turishgan. Aslida navbatda turish mu’telik emasmidi, bu ayyorona usul “Men bormanki, sen och qolmayapsan”, degani edi…

Garchi guvohi bo‘lmagan bo‘lsak-da, otalarimiz aytishlaricha, o‘sha paytda Birinchi Prezidentimiz tahdidlarni yengib odamlarga tomorqa berish to‘g‘risidagi qarorga imzo chekmaganida edi, vaziyat battar yomonlashardi. Bu esa mustaqillik taqdiri xafv ostida qoldi, degani edi. Xalqning qaddi “Paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” degan buyruqbozlikn egilganini, olti million tonna paxta yetishtirish bo‘yniga bo‘yinturuqdek osib qo‘yilgan va hatto ostonasigacha paxta ekilganini bobolarimiz unuta olarmikan…

Gohida ayrim aqli noqislarning gaplarini eshitib qolamiz. “Ha, u paytlar to‘qlik bor edi, hamma narsa arzon edi…” Vatandoshim, hozir och qoldingmi? Qadimda qullarni og‘ir-og‘ir ishlarni qilishi uchun yaxshi ovqatlantirishgan, ust-bosh bilan ta’minlashgan… Bu to‘qlik orqasidan manfaatdor aslida sen emas, ular edi. Sen esa shunchaki qo‘l-oyog‘i kishanband qora ishchi eding xolos…

NAZARIMIZDA HAMMASI AVVAL HAM BO‘LGAN…

Birinchi Prezidentimiz kitobning 71-sahifasida “Kimki mustaqillik yillarida O‘zbekiston qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlarni ko‘rmoqchi bo‘lsa, avvalo odamlarning, xalqimizning yuziga, ko‘ziga qarasin. Maktab, litsey va kollejlarda ta’lim-tarbiya olayotgan bolalarning chehrasiga boqsin!” degan fikrni keltiradi. O‘zbekistonning turli tashkilotlar tomonidan ma’lum qilingan reytinglari ham aql va yurakka ozuqa berishi kishiga zavq bag‘ishlaydi.   Bugun ozod va obod yurtimizning qaysi go‘shasiga bormang, qishloqdagi eng muhtasham, ko‘rkam, havasu hayratingiz boisi bo‘lgan maktablar, akademik litseylar, kollejlarni ko‘rib, ba’zan bularning barchasi go‘yo shunday bo‘lib kelgandek ularni qabul qilamiz. Aslida ham shundaymidi?

O‘zbekiston quyoshini tangri ham yerga, ham osmonga nasiba qildi. G‘oyatda mushkul, qaltis yillarda yovuz kuchlar, balo-qazodek yopirilgan g‘animlardan omon-eson, BAXTLI manzilga olib kelgan davlatimiz rahbari. Qo‘limizga yana kishan solish muddaosida bo‘lgan ozodlik dushmanlari orasidan omon olib chiqdi? Haqiqatni anglash uchun bir martagina o‘ylab ko‘raylik! Namangan voqealari, Farg‘ona fojialari, Toshkentdagi portlashlar paytida ko‘zi qonga to‘lgan dushman qarshisiga yuzma-yuz chiqishga biz jur’at toparmidik!?

MENI “KATTA” ODAM QILGAN KITOB

Kechagina O‘zbekiston tarixini aldovlar, xiyonatlar, fitnalar yozgan edi. Bugungi va ertangi tarixni ezgu g‘oya va amallar bilan biz yozamiz. Birgina ta’lim sohasini olib ko‘raylik. Kitobda keltirilishicha, 90-yillarda yurtimizdagi maktablarning 60 foizi avariya xolatida, bitta partada 4 nafar o‘quvchi o‘tiradigan, derazalarga oyna o‘rniga gazeta yopishtirilgan, qishda pechkalarga yoqilgan ko‘mirdan bursiqqan sinfxonalar, tomdan o‘tgan chakkalarning ovozi… Bular haqiqat!

Bugun esa, qarang, mamlakatimizda birgina 2014-yilda hammasi bo‘lib 540dan ziyod obyekt, shu jumladan, 380 ta maktab, 160 dan ortiq kasb-hunar kolleji va akademik litsey tubdan yangilandi, bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 18 ta namunaviy sport obyekti va 73 ta sport zali barpo etildi, 2009-2014-yillarda 136 ta yangi musiqa va san’at maktabi qurildi, 142 ta shunday maktab kapital rekonstruksiya qilindi, deb ta’kidlaydi kitobda davlatimiz rahbari. Bunday fikrlar xonani bezab turgan gul singari ko‘ngilni, aqlni bezaydi. Arjumandlik bayrog‘ini eng baland cho‘qqida ko‘tarishga undaydi.

Tengdoshim, mustaqillik bu — grant. Bobolarimiz amallab qo‘lga kiritgan hamda bizga meros bo‘lgan, muqaddas va ulug‘ imtiyoz. Mustaqillik so‘zi o‘zbekman deganning yelkasiga “Katta” odam bo‘lishni emas, kichik, ammo, ahamiyatli muammolarga yechim topa olishni, eng savobli ishlarga bosh bo‘lish yukini ortmoqda.

Yoshi ulug‘ insonlarning gaplariga qaraganda, bir paytlar bolalar osmonga qarab bir tishlam non so‘rab yalinishgan, qorinlari to‘ygan kun ulardan-da baxtiyor insonlar bo‘lmagan. Bugungi bolalar esa osmonga qo‘lidagi nonini ilinib orzularini aytishga o‘rganishdi!

Tengdoshim, anglaylik, gohida o‘z yurtimizda qoqilsak ham bizni hatto tog‘lar suyagan. Suyab qo‘yadi hatto dasturxonimizdagi suvi qochgan bir parcha non. Bobolarimizning metin irodasi, azmu shijoati silab qo‘yadi boshimizni.  Yurtboshimizning bizga qarata aygan da’vatini eslaylik! U nur bizni oqimdek ergashtiradi: “Ey bolam, sening Vataning bitta – barchamizga aziz, betakror mana shu O‘zbekiston. Ota-bobolaringning xoki shu yerda yotibdi. Shu muqaddas zamin seni dunyoga keltirgan, sen uni obod etishing, himoya qilishing shart. Nafaqat sening o‘z hayoting, balki senga umid ko‘zini tikib turgan ota-onang, opa-singillaring, yosh go‘daklar, nuroniy qariyalarimizning hayoti ham ana shu burchingni nechog‘liq ado etishingga bog‘liq”. Yurtboshimizning ushbu kitobdagi fikr, istak va orzularini o‘qir ekanman, u meni bir kunda “katta” inson qilganini angladim.

VATAN BO‘LMAS VATANDAN TASHQARIDA…

Endigina jurnalistika sohasiga kirib kelganimda gazetani maxsus programmada sahifalashga qiynaldim. Shunda ustozim: “Bu dasturni yaratish qanchalar mushkul bo‘lganini bilasanmi… Yillar davomidagi mashaqqat natijasida imkoniyatlari ortib borgan. Sening vazifang bor-yo‘g‘i o‘rganib, ijodiy mahoratingni ko‘rsatish,” degandi. Aslida ustozimning bu hikmati dasturga mengzalgan Ozodlikning ohanrabosi edi…

Buyuklar fikricha, o‘zingni vataningga qanchalar yaqin his qilsang, uni shu qadar jonli vujud kabi aniqroq va sevibroq tasavvur qilasan. Bugun O‘zbekiston uchun kim kerak? Hayot daraxtida yetilgan mevalar kerak. Aqlga o‘rnashgan po‘lat mixdek teran fikrlaydigan yoshlar kerak. Ko‘ksiga Prezident taqqan “Mustaqillik” ordenini munosib himoya qiladigan va uni asraydigan avlod kerak! Shoir aytganidek, Vatandan tashqarida Vatan bo‘lmaydi.

Vatan! O‘g‘limga boqib naqadar aziz ekanligingi chuqur-chuqur anglayman. U tinch uxlaydi, shodon kuladi, sog‘lom ulg‘aymoqda! Shu bittagina sababning o‘zi ham sen uchun shijoat va jasorat ko‘rsatishim uchun yetarli. Anglayman, Birinchi Prezidentimiz ko‘nglidagi ulug‘ umid va ishonch, lovullab turgan olov men ekanman, u sensan tengdosh, singlim, ukam, o‘g‘lim! Biz – ertangi buyuk kunlarni, O‘zbekistonning yangi tarixini yozadigan me’mormiz. Aslida Vatanini sevgan inson kuchlidir.

Gulchehra ASHUROVA,

jurnalist



Ulashing:

E'lon