logo
. . .


"Menga qo‘yilgan ayblovga otam dosh berolmadi: yurak xuruji bilan hayot bilan vidolashibdi. Bu men uchun juda og‘ir yo‘qotish bo‘ldi... O‘ta tushkun bu vaziyatlarda yoshlar ittifoqi menga yelkadosh bo‘ldi"

Onasining bevaqt o‘limi sabab shofirkonlik Kamoliddin uch yoshidan ota tarbiyasida qoldi. Savri aka ham o‘g‘lini yeru ko‘kka ishonmadi. Jo‘japirday bolasining o‘gay ona qo‘lida qolishini istamay, boshqa uylanmadi. O‘g‘lini oq yuvib, oq taradi. Halol peshona teri evaziga boqib, ulg‘aytirdi. Aqlli, mehnatkash bo‘lib voyaga yetgan Kamoliddin kasb-hunar kollejini tugatgach, daromad topish maqsadida o‘zi tug‘ilib o‘sgan “Qayrag‘och” qishlog‘idagi o‘rtog‘i To‘ymurod Muhammadov bilan birga uzoq yillardan buyon poytaxt bozorlarida ishlab kelayotgan hamqishloqlari Olim Husenov hamda Nozim Shobekovlarning ish topib berishga qilgan va’dasiga ishonib, Toshkentga yo‘l olishadi.

Mehnatkash bolalar ishni katta-kichikka ajratishmadi. Bozorlardan biriga aravakash bo‘lib yollanishdi: mehnatdan qochishmadi.

Shunday kunlarning birida Olim Husenov va Nozim Shobekov bu ikki aravakash yigitni bir necha soatga “yollashadi”. Ular Olmazor tumanidagi “Jome" bozorida joylashgan “Glas Ekspo” MCHJga qarashli jami 54 dona 250 million so‘m mablag‘dan ortiq qiymatga ega “Ariston” (suv isitgich moslamasi) ni “Isuzi” rusumli avtomashinaga yuklab, mehnatlari evaziga to‘langan 50 000 so‘mdan 100 000 so‘m miqdoridagi pulni olib, ortga qaytishadi.

...Oradan ikki-uch kun o‘tmay,Kamoliddin hamda To‘ymurod o‘zlari mutlaqo bilmagan holda o‘g‘irlangan yuklarni tashiganlari haqidagi xabardan dong qotishadi. Sodir etilgan qilmish jinoyat ekanligini, hatto, buni anglab ham yetishmaganini tushuntirishga harakat qilishadi. Achinarlisi, Nozim Shobekov va Olim Husenov o‘zaro til biriktirgan holda o‘z jinoyatini yashirib, barcha qilmishni ikki aravakash bo‘yniga sindirishga urinishadi. Qisman bu yovuz maqsadga erishishadi ham.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 55-, 56-moddalariga muvofiq, ya’ni, uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan jinoyat bilan aybli, deb topilib, o‘zgalar mulkini talon-taroj qilishda ifodalangan harakatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-(qamoqqa olish) moddasi 4-qismi “a,b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganliklari bo‘yicha sudga yo‘llanadi.

Biroq, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Buxoro viloyati Kengashi faollari namunali oilada tarbiya topgan Kamoliddin va To‘ymurodlarga qo‘yilayotgan jinoyat ishini sergaklik bilan o‘rganishdi. Ular tomonidan nojo‘ya hatti-harakat sodir etilmaganini o‘z vaqtida isbotlay olishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi o‘rtasida 2017-yil 5-dekabrda imzolangan yoshlar masalalari sohasida o‘zaro hamkorlik memorandumiga muvofiq, viloyat Kengashi vakili sudlanuvchi yoshlar Kamoliddin Musayev va To‘ymurod Muhammadovlarga oid jinoyat ishi bo‘yicha jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etdi.

- Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudi tomonidan o‘tkazilgan ochiq sud majlisida Yoshlar kafilligini olganlarning jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Sud yoshlarning qilmishini o‘zi anglamagan holda sodir etgani, muqaddam sudlanmagani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini inobatga olib, ularga nisbatan qo‘llanilgan 4,5 yildan 8 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazoni bekor qildi va sudlanuvchi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi kafilligi ostida sud zalidan ozod etildi.

Tezkor say’-harakatlar natijasida esa asl jinoyatni sodir etgan Nozim Shobekov va Olim Husenovlarning kirdikorlari fosh etildi,- deydi Buxoro viloyati Kengashi yurist-konsulti Murod Rahmatov.

Adolatli va insonparvarlik tamoyillari asosida Yoshlar kafilligiga muyassar bo‘lgan Kamoliddin Musayev hamda To‘ymurod Muhammadovlar bugun “Qayrag‘och” qishlog‘idagi “Akbar Akmalovich dalasi” fermer xo‘jaligida faoliyat yuritish barobarida yoshlar ittifoqining faol va jonkuyar a’zosiga aylandi.

—O‘zbekiston yoshlar ittifoqi ko‘magida sudda oqlandik. Ammo, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan kundan ko‘p o‘tmay, menga qo‘yilgan ayblovga otam dosh berolmadi: yurak xuruji bilan hayot bilan vidolashibdi. Bu men uchun juda og‘ir yo‘qotish bo‘ldi... O‘ta tushkun bu vaziyatlarda yoshlar ittifoqi menga yelkadosh bo‘ldi. Madad bo‘ldi. Kelajagimizga ishonch uyg‘otdi. Yoshlar taqdiri va kelajagi uchun qayg‘urgan yoshlar tashkilotiga chin dildan minnatdorligimni bildiraman,— deydi Kamoliddin.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi o‘z kafilligiga olgan bu ikki yosh o‘zining halol mehnati bilan jamiyat rivojiga hissa qo‘shib borishiga ishonamiz.

Laylo Hayitova



Ulashing:

E'lon