logo
. . .


Assalomu alaykum hurmatli mehmonlar, tadbir qatnashchilari!

Xabaringiz bor, Muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev boshchiligida yurtimizda iqtisodiyotni yanada liberallashtirish yuzasidan salmoqli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagidagi fuqarolarimiz uchun ko‘plab imtiyoz va imkoniyatlar yaratib berildi, natijada ko‘plab aholi o‘zining shaxsiy daromadiga ega bo‘libgina qolmay, iqtisodiyotimizning rivojlanib borishi uchun ham o‘zlarining munosib hissasini qo‘shmoqdalar.

Bu yo‘lda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘z oldiga qator muhum vazifalarni belgilab oldi.

Ana shulardan biri – bu kichik biznes va tadbirkorlik sohasini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, bu sohada yoshlarning ulushini yanada oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishdan iborat. Nega deganda, tadbirkor yoshlar safining kengayishi malakali kadrlar tayyorlash barobarida milliy iqtisodiyotni innovatsion rivojlanish yo‘lidan borishini ta’minlaydi. Aynan mana shu taraqqiyot yo‘li yosh, tashabbuskor, yangicha fikrlaydigan tadbirkorlar avlodini shakllantirishni taqoza etadi.

Shuning uchun, yoshlarni tadbirkorlik sohasiga keng jalb etish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni yangi, yuksak bosqichga ko‘tarishimiz lozim.

Bu borada, o‘tgan davr mobaynida:

- yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratish yuzasidan qator tijorat banklari bilan kelishuvlar imzolandi;
- tuman markazlari va shaharlarida Yoshlar tadbirkorlik klasterlari tashkil etilishi belgilandi, bugungi kunda mazkur klasterlarda o‘z faoliyatini yuritish uchun barcha qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda;
- foydalanilmayotgan davlat obyektlarini, shuningdek, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalaridagi obyektlarni O‘zbekiston yoshlar ittifoqining a’zosi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga to‘lovsiz ijaraga berish tizimi yaratilmoqda;
- tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan yoshlar, ayniqsa kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining tadbirkorlik faoliyati uchun kredit olishida garov ta’minoti masalasini hal etish maqsadida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan yoshlarni garov ta’minoti bilan ta’minlash, yoshlarning innovatsion biznes loyihalariga grantlar ajratish, samarali biznes loyihalarini kreditlash maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining maxsus jamg‘armasi tashkil etiladi;
- aynan yoshlar tadbirkorligi masalalari bilan shug‘ullanuvchi “Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.


Bugungi hammamiz guvohi bo‘lib turgan, Global tadbirkorlik haftaligi ochilish marosimi ham, o‘ylaymanki, mamlakatimizda tadbirkorlik sohasini yanada rivojlantirishga, yoshlarni yangi g‘oyalarga ilhomlantirishga munosib hissa qo‘shadi. 

Joriy yilning 13-19-noyabr kunlari davomida o‘tkaziladigan Haftalik doirasida tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 30 dan ortiq tadbirlar, mahalliy va xorijiy biznes vakillari bilan yoshlar uchrashuvlari tashkil etiladi.

Shuningdek, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida muvaffaqiyatli tadbirkorlar ishtirokida 5000 dan ortiq yosh tadbirkorlar uchun “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzusida mahorat darslari tashkil etilishi hamda 10 dan ortiq yirik korxonalarga yoshlar tashriflari uyushtirilishi rejalashtirilgan.

Haftalik doirasidagi tadbirlarda yurtimizdagi 50 dan ortiq tajribali tadbirkorlar bilan birgalikda Rossiya, Icroil, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlardan 40 dan ortiq xorijiy investorlar, biznesmenlar, marketologlar va malakali trenerlar ishtirok etishi kutilmoqda.

O‘tkaziladigan mazkur tadbirkorlik haftaligi mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bilan birgalikda, yoshlarni o‘z shaxsiy biznesini tashkil etishga rag‘batlantirish uchun xizmat qiladi.



Ulashing:

E'lon