logo
. . .


O‘zbekiston juda ham katta turistik salohiyatga ega bo‘lishiga qaramay, turistik infrastruktura, turistik mahsulotlarning sifati, sanoat boshqaruv tizimi, globallashuv jarayoni va qattik raqobat sharoitida hozirgi zamon talablariga javob bermayapti. Turizm sohasining iqtisodiyotga bo‘lgan hissasi, xizmat ko‘rsatishning rivojlanishi va aholini ish joyi bilan ta’minlash jarayoni, dunyo ko‘rsatkichlaridan past ekanligini ko‘rsatib turmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan rivojlanish vektori, aynan turizm sohasining jadal rivojlanishi va turizm sohasini iqtisodiyotning strategik sektoriga aylanishi uchun qaratilgan.

Turizm sohasi ravnaqi yo’lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlardan biri  joriy yilning 28-fevral kuni Xalqaro press-klubning “O‘zbekistonga xush kelibsiz: turizm – davlatimizning yangi brendi” shiori ostidagi sayyohlikni rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi sessiyasida o’z ifodasini topdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, O‘zbekiston oshpazlar assotsiatsiyasi, O‘zbekiston restoratorlar assotsiatsiyasi, yetakchi turoperatorlar va bir qator vazirlik hamda mahkama vakillari, turizm sohasiga oid ekspertlar, milliy va xalqaro OAV vakillari ishtirok etdi.

 

Muloqot davomida ko‘plab mavzu va muammolar muhokama etilib, turizm sohasini rivoj topishiga oid voqealar tilga olindi. Jumladan, viza rejimining soddalashtirilishi oqibatida o‘sib borayotgan turizm oqimi, davlatimizga kirib kelayotgan sayyohlarni qabul qilish bo‘yicha tayyorgarlik, turizm infrastrukturasining rivojlanishi, mexmonxonalar sonining ortishi hamda mexmonxonalar qurilishi uchun kredit liniyasining ochilishi kabi muhim vazifalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Bundan tashqari ishtirokchilar “O‘zbekiston havo yo‘llari” tomonidan shakllanayotgan imidj masalasi, taqdim etilayotgan xizmatlarning sifati bo‘yicha savollar bilan murojaat etib, atroflicha javob olishdi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Kamoliddin Beknazarov yurtimiz bo‘ylab ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish, shuningdek, sayyohlik safarlarni amalga oshiruvchi fuqarolar uchun soliq imtiyozlarini barcha turlarini joriy etish xususida alohida to‘xtaldi. Shu bilan birga, SMART-turizm va sayyohlarga qulaylik yaratish uchun AT-texnologiyalaridan faol foydalanishning afzalliklari haqida ham o‘z fikrlarini bildirdi.

 

Sessiyada “Qarshi” aeroportini “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniya tasarrufidan chiqarish, uni ixtisoslashgan kompaniya boshqaruviga topshirish va uning hududida “ochiq osmon” rejimini joriy etish, shu jumladan, loukosterlarni jalb etish masalasi ham ko‘tarildi. O‘zbekistonda turli yo‘nalishlardagi bolalar va kattalar mavzusidagi ba’diy parklarni yaratish to’g‘risida alohida e’tibor qaratildi Xalqaro press-klub yakunida esa qatnashchilarga  yuqorida bunyod etilishi rejalashtirilgan obyektlarni qurish va tashabbuskorlarga beriladigan soliq imtiyozlariga oid batafsil ma’lumotlar berildi.

 

Shaxnoza Nurullayeva



Ulashing:

E'lon