logo
. . .


Ta’kidlash joizki, “Yosh vatandoshlar festivali” bugungi kunda xorijda istiqomat qilayotgan, uzoq muddatga o‘qishga, ishga ketgan, turli xil yo‘nalishlarda muvaffaqiyatga erishgan 16-30 yoshdagi yoshlarni birlashtiruvchi festival hisoblanadi.

Bir guruh faol va iqtidorli yoshlar, xorijiy davlatlarda ta’lim olayotgan va mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari va kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan yoshlar festivalga ishtirok etadi.

Shuningdek, ishtirokchi sifatida xorijiy davlat elchixonalari va xalqaro nufuzli tashkilotlarning yurtimizdagi vakolatxonalari vakillari jalb etiladi.

Festivalning asosiy maqsadi

Mamlakatimizdan olisda, xorijiy davlatlarda ta’lim olayotgan va mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari va kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan yoshlarni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va o‘zgarishlardan xabardor qilish, yoshlarda vatanparvarlik ruhini yanada rivojlantirishdan iborat.

Festival Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida 2018-yil 10-17-aprel kunlari tashkil etiladi.

“Yosh vatandoshlar festivali” qanday tadbirlarni o‘z ichiga oladi?

— Yoshlar forumi;

— Tadbirkorlik, fan va ta’lim, axborot texnologiyalari, san’at kabi yo‘nalishlar bo‘yicha uchrashuvlar va mahorat darslari o‘tkaziladi;

— Xalq sayllari (sumalak, milliy o‘yinlar, dorbozlar chiqishlari, varrak uchirish va b.) tashkillashtiriladi;

— Milliy qadriyatlar tarannumi: milliy urf-odatlar, an’ana va qadriyatlarimiz asosidagi chiqishlar: bunda taniqli aktyor va aktrisalar, havaskor yoshlar ijrosidagi milliy urf-odatlar, an’ana va qadriyatlarimizni ochib beruvchi teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etiladi;

— Milliy liboslar ko‘rgazmasi: mamlakatimizdagi taniqli modelyerlar va moda uylari tomonidan tayyorlangan milliy brendlarimiz ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi;

— Uz.National Instruments: O‘zbekistonning milliy cholg‘u asboblarini dunyoga yaqindan tanitish maqsadida konsert. Unda taniqli va yosh ijrochilar tomonidan milliy kuy va qo‘shiqlarimiz ijro etiladi;

— “Raqslar jilosi” milliy festivalida O‘zbekistonning barcha hududlaridan kelgan raqs jamoalari o‘z chiqishlarini namoyish etadi;

— Uloq (ko‘pkari) musobaqasi: mazkur milliy sport turiga qiziquvchi yoshlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining maxsus sovrini uchun bellashadilar. Xorijdan kelgan mehmonlar mazkur musobaqaga taklif etiladi;

— Milliy hunarmandchilik auksioni: auksiondan tushgan mablag‘lar xayriya maqsadlariga yo‘naltiriladi;

— Kurash musobaqasi: unda mazkur milliy sport turiga qiziqish bildirgan yoshlarning o‘z xohishiga ko‘ra ishtirok etishi belgilanadi;

— Milliy taomlar festivali: barcha hududlardan tashrif buyurgan yoshlar o‘zbek oshxonasining dunyoga mashhur taomlarini tayyorlashadi va ko‘rgazmasini tashkil etadi;

— O‘zbekistonning turistik salohiyatini dunyoga ko‘rsatib beruvchi kitoblar taqdimoti va boshqa qator tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Xullas, ushbu festival mutlaqo yangi ko‘rinishda tashkil etiladi. Ayni paytda tayyorgarlik ishlari avjida...



Ulashing:

E'lon