logo
. . .


O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi tasarrufidagi UYA-64/49-sonli muassasada xo‘jalik ishlarini bajarish uchun qoldirilgan 30 yoshgacha bo‘lgan mahkumlar bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat Kengashi raisi ochiq muloqot o‘tkazdi.

Mamlakatimizda jinoyatchilik va uni keltirib chiqaruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirish jarayonida Yoshlar ittifoqining Qashqadaryo viloyat Kengashi tomonidan yoshlarning huquqbuzarlik yo‘liga o‘tishlarining oldini olishga katta e’tibor qaratilib kelinmoqda.

O‘tkazilgan suhbat va o‘rganishlar natijasida yoshlar o‘rtasidagi barcha nojo‘ya holatlar, asosan oiladagi notinchlik va doimiy ish bilan band emasligidan kelib chiqmoqda. Huquqbuzarlik sodir etgan yoshlarning 62,2 foizi bo‘sh vaqtlarini ko‘chada o‘tkazishmoqda.

— Bunday salbiy holatlarning oldini olish uchun, avvalambor, axborot-tahlil ishlari yo‘lga qo‘yilib, viloyatda yoshlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning umumiy holati, miqyosi, tarkibi, tabiati va dinamikasi to‘g‘risida ma’lumotlar bazasi yaratildi, — deydi viloyat Kengashi raisi Sh.Sattorov. — Ushbu ma’lumotlar asosida sodir etilgan jinoyatning issig‘ida ochish, ayblanuvchi shaxslar va ularning oila a’zolari bilan yakka tartibda uchrashuv o‘tkazib, kelgusida boshqa jinoyat sodir etilmasligi uchun tegishli profilaktik tadbirlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.

Alohida qayd etish joiz, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi muhim muammolardan biri huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jamoat tashkilotlarining profilaktik ta’siri doirasiga asosan huquqbuzarlik sodir etganidan keyin tushadilar.

Shuning uchun ham, viloyat Kengashi tomonidan yoshlarning g‘ayriijtimoiy xulq-atvorini dastlabki bosqichda aniqlash, ularni jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan, ularning huquqiy madaniyati va huquqiy qarashlarini yuksaltirishga hamda qonunga itoatkorlik xulqini shakllantirishga qaratilgan tarbiyaviy va tashkiliy xususiyatga ega bo‘lgan keskin chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Ochiq muloqotda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisi Shomurod Sattorov va muassasa rahbariyati tomonidan joriy yil 15-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan videoselektorda ko‘tarilgan masalalar va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohatlar inson manfaatlarini ko‘zlab olib borilayotgani, yoshlarga oid davlat siyosatining ahamiyati va mohiyati xususida fikr mulohazalar yuritildi.



Ulashing:

E'lon