logo
. . .



Oilada 3 qiz va 2 o‘g‘il bo‘lib, kenjasi Jur’atbek aqlu farosati va ilmga zo‘r ishtiyoqi bilan jismonan sog‘lom aka-opalaridan ajralib turardi. Aka-opalari universitetlarda o‘qishadi, demak, u ham oliy ma’lumotli bo‘lishi kerak! Jur’atbek shunday o‘ylardi.
Maktab davrlarida shashka bilan doimiy ravishda shug‘ullanib, hududiy musobaqalarda g‘oliblar qatoridan o‘rin oldi.


2009-yilda maktabni tugatgach imkoniyati cheklanganligi sabab kollej va akademik litseylarga o‘qishga topshirishda 2 yilga kech qoldi. 2012-yilda davolanish uchun Rossiya davlatiga yo‘l olgan Jur’atbek nihoyatda xursand holda ona yurtga qaytdi. U endi yura olardi…


Biroq oldinda u kutmagan vaziyat sodir bo‘ldi: hujjatlaringda yetishmovchilik bor, deya u o‘qishga topshirgan kollejlar uni qabul qilishmadi. Ketma-ket 3 yil 2014, 2015, 2016-yillari u uchun og‘ir o‘tdi. Lekin ruhiy jihatdan u sinmadi. Kompyuterni o‘rganishga bel bog‘ladi. Olam xabarlaridan boxabar bo‘ldi, o‘ziga o‘xshash imkoniyati cheklangan tengdoshlari bilan aloqa o‘rnatdi va o‘z irodasini mustahkamladi.
Keyinchalik O‘zbekiston yoshlar ittiqofi Shovot tumani Kengashi raisiga murojaat qilishga to‘g‘ri keldi. U viloyat Kengashidagi Fuqarolar murojaatlarini qabul qilish bo‘limi bilan aloqa o‘rnatdi.
Va nihoyat, o‘sha kun keldi! Jur’atbekning azaliy orzusi — o‘qish istagi amalga oshdi. Xorazm viloyat Kengashi raisi bilan birga 2017-yilda Axborot tehnologiyalari kollejining ostonasiga qadam qo‘ygan Jur’atbek hozirda ushbu kollejning birinchi bosqichida ta’lim olmoqda. U til o‘rganib kompyuter texnologiyalarining yetuk mutaxassisi bo‘lishni niyat qilgan.
Yoshlar ittifoqining “Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz” yo‘nalishida targ‘ibotchi sifatida faol yoshlar qatorida Jur’atbek ham joylarda targ‘ibot aksiyalari o‘tkazishda faol ishtirok etmoqda. O‘z ma’ruzalari bilan jismonan sog‘lom tengdoshlari qalbida o‘qishga, ilmga bo‘lgan muhabbatni o‘stirmoqda.
E’tibor va g‘amxo‘rlikning katta-kichigi bo‘lmaydi. Tashkilot bugun 1 nafar, ertaga 3 nafar, bir yilda ming nafar yoshning hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirsa, ularga mazmunli yashashning kalitini tutqazsa — bu hammamizning yutug‘imiz bo‘ladi.
Faqat, shoir aytganidek, "Bukilma, egilma, susayma, TIRISH!!!



Ulashing:

E'lon