logo
. . .


Yoshlik – olovlik. Olam-olam orzular, aniq maqsadlar bilan urayotgan yurak, yoniq qalb degani.

Bugun Qorqalpog‘istonda ham yangi tashabbuslar, innovatsion g‘oyalar, orzu-intilishlar bilan kelajakka qadam qo‘yayotgan umidli yoshlar bisyor.

“Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturining ijrosini ta’minlash maqsadida kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi – Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quranbayev boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘ldi.

Ishchi guruh a’zolari qoraqalpog‘istonlik yoshlarning turmush tarzi bilan tanishdi, ularning so‘zlariga quloq tutdi, muammolariga yechim topdi.

Tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi, tadbirkorlikka bel bog‘laganlarga amaliy ko‘mak berishga kirishdi.

Qo‘ng‘irot, Amudaryo, Mo‘ynoq, Beruniy, Shumanay tumanlarida bo‘lib o‘tgan yuzma-yuz muloqotlar chog‘ida aksariyat yoshlar o‘z biznesini boshlash istagida ekani, buning uchun hatto istiqbolli loyihalari ham borligi ayon bo‘ldi.

O'zbekiston Yoshlar Ittifoqi - Союз молодежи Узбекистанаning rasmi.

Amudaryo tumanidagi o‘rganishlar chog‘ida ko‘plab yigit-qizlar tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun yer va kredit olish borasida ishchi guruhidan yordam so‘radi. Shunday yoshlardan biri Abbaz Jabbarbergenovdir. U “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi bilan tanishgach, hujjat doirasida ko‘zda tutilgan imtiyozlardan oqilona foydalangan holda “Yoshlar mehnat guzari majmuasi”, qolaversa, “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazini barpo etish tashabbusini bildirdi. Yosh tadbirkorga shu zahotiyoq yer ajratishga kelishildi.

Respublika ishchi guruhi a’zolari Mo‘ynoq tumanidagi yoshlar, jumladan, uyushmagan yoshlar bilan ham uchrashdilar. Yoshlar issiqxona tashkil qilish, non va makaron mahsulotlarini ishlab chiqarish, maishiy texnika xizmatlari ko‘rsatish, kutubxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasida biznes loyihalarini taqdim etdilar. Yoshlarning 14 nafariga jami 1 mlrd. 825 mln. so‘mlik kredit ajratishga qaror qilindi.

Uchrashuvlar davomida yoshlarning tilak-istaklari hisobga olinib, Yoshlar ittifoqi tomonidan Mo‘ynoq sanoat-transport kasb-hunar kollejida joylashgan “Yoshlar markazi” uchun 10 ta tikuv mashinasi, 10 ta kompyuter va boshqa texnik jihozlar, shuningdek kollej sport zali uchun inventarlar ajratish belgilab olindi.

Qoraqalpog‘istonda yoshlarning hayotini o‘rganish orqali yuksalishlar sari o‘zgarishlar boshlandi.



Ulashing:

E'lon