logo
. . .


Mahallamizda salkam to‘qsonga to‘qnashgan otaxon yashaydilar. Qo‘llari duodan bo‘shamaydi. Yaqinda qishloqqa kiraverishda ularni quyoshning zarrin nurlaridan bahramand, o‘rindiqqa suyangan hollarida uchratdim. Atirgul surati aks etgan ro‘molchaga termulgancha xayolga cho‘mganlar. Hol-ahvol so‘rashganimdan so‘ng nuroniy qo‘llarida uniqib qolgan ro‘molcha haqida so‘radim. Otaxon zerikkanlaridanmi yoki kimgadir gapirgilari keldimi, so‘z boshladilar…

Bir zamonlar kampir husnda tanho qiz edi. Mo‘ylovim sabza urgan navqiron paytlarimda mayda o‘rilgan timqora jamalak sochini o‘ynatib majnuntolning novdalari silkinib turgan hovuz bo‘yiga suvga chiqardi. Uzoqdan tikilardim, uzoq tikilardim. Uning chehrasi xayolimdan ketmasdi.Bir ko‘chada yashaganmiz-u lekin bir og‘iz so‘z aytishga jur’atim yetmagan. Bir necha bor qoqilgan ostonasidan so‘nggi bor onam ro‘molcha olib qaytganlar. U cho‘g‘ bo‘lib yuragimni kuydirgan. O‘sha ro‘molcha kampirning ham menga moyil ekanligini anglatgan. Ilk uchrashganimizda yanoqlari olmadek qizargani esimda, bolam. Yillar o‘tdi. Eshitgandirsan, birovdan kam yashamadik. Bu ro‘molcha menga kampirning yodini, bir marotaba ham izhor etilmagan muhabbatini eslatib turadi…

Otaxon shunday deya xo‘rsinib qo‘ydilar-da, so‘ng yana nim tabassum qildilar. Ushbu suhbat sabab bo‘ldi-yu bugungi kunda yo‘qolishga ulgurgan ushbu urf-odatimizga yashiringan muhabbat tilsimi borasida o‘ylanib qoldim.

Aslida, ro‘molcha sovg‘a qilish milliy urf-odatimiz bo‘lgan. Bayramlarda, tug‘ilgan kunlarda insonlar eng yaqin kishilariga ro‘molcha taqdim qilishgan. Keyinchalik bo‘yi yetgan qizlar bo‘lg‘usi yorlariga qo‘llari bilan tikkan kashtali ro‘molchalarni sovg‘a qilishlari urfga aylangan.Tabiiyki, qishning uzun tunlari nafaqat ro‘molcha balki turli so‘zanalar, ro‘mollar tikkan qizlarning aql-u zakovati ham unga jo bo‘lgan. Ro‘molchaga mos mato tanlash, chiroyli va bejiriim naqshlar bilan bezash, turli jilokor ranglar bilan unga zeb berish — barcha-barchasini bo‘lg‘usi kelinning o‘zi amalga oshirgan.

Ushbu ro‘molcha detali badiiy asarlarda ham keng qo‘llanilgan va bu asarning badiiy bo‘yoqdorligini oshirish pirovardida, milliy urf-odamizning o‘ziga xos ko‘rinishini namoyon qilgan. Tog‘ay Murodning “Oydinda yurgan odamlar” qissasida Oymomo bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘iga qip-qizil, atirgul naqshi tushirilgan cho‘g‘day ro‘molchani sovg‘a qiladi. Kuyov bo‘lmish ro‘molchani olgan jarayonini o‘qigan har bir kitobxon uning hayojoniga sherik bo‘lganini sezmay qoladi. Ayni shu ro‘molcha yorning unga bo‘lgan muhabbati izhori edi. Yillar davomida uzoq safarda yurganlarida ham to‘rt buklab qo‘ynida solingan ro‘molcha yorining muhabbati va mehrini unga eslatib turgan.Qolaversa, Erkin Xushvaqtovning “Chimildiq” hikoyasida ham ushbu detaldan mohirona foydalanilgan.

Shu o‘rinda yana bir fikrni ilgari surmoqchimiz. Voha va vodiyda yashaydigan ayol va qizlar dastlab mahalliy dastgohlarda tayyorlangan matolardan ro‘molcha tikib, unga faqatgina rang berishgan. Ularning shakli asosan to‘rtburchak va kvadrat bo‘lgan. Ro‘mol, daroy ro‘mol, xalil ro‘mollar asosan qish faslida tayyorlangan. Keyinchalik ularni “Gulbast” yoki “gulbarra” usulida bo‘yab, turli naqshlardan foydalanishgan. To‘g‘ri, bu ma’lum ma’noda ko‘p qo‘l mehnatini talab qilgan. Biroq ro‘molcha mehnatga yarasha sifatli va bejirim ko‘rinish kasb etgan. Ro‘molcha tikish — shu millatda yashayotgan har bir qiz uchun momolaridan qolgan odat bo‘lgan va bu hunarni puxta egallash shart sanalgan. Bu o‘z navbatida kelinning farosati, aqlidan darak bergan. Qarindoshlar, kuyovbola ham ro‘molcha orqali bo‘lg‘usi kelinchakka baho bergan.

Xo‘sh, bugungi bo‘y yetgan qizlarimizga bo‘lg‘usi kuyov yoki uning qarindoshlari qanday baho berishmoqda? Yoki ular o‘z yoriga bo‘lgan muhabbatini qay yo‘l bilan izhor qilyaptimi? Aniqrog‘i, bugun biz, qizlarjonlar ro‘molcha tika olamizmi?

Ming afsuski, biz ushbu hunarni unutib qo‘ydik. Kunora bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlar, tongga qadar yoziladigan SMS xabarlar, yoki bo‘lg‘usi yorlarimizning ko‘zlariga qarab turib pokiza tuyg‘uni izhorini amalga oshirayapmiz? Ammo qo‘llarimizning harorati, yuragimizning tafti, ko‘zlarimizning sog‘inchi bilan tikilgan ro‘molchadek biron-bir sovg‘a bo‘lg‘usi yorlarimizni maftun eta olarmikan? Qo‘yinlarida asrab-avaylab, uzoq safarga chiqqanlarida bizni eslatarmikan…

Oila, muhabbat! Inson hayotidagi muqaddas tushunchalar. Uni mustahkamlash uchun amalga oshirilgan har qanday ijobiy harakatning albatta, totli damlari bo‘ladi. Balki bugungi qizlarimiz momolarimizdan qolgan ushbu urf-odatni davom ettirish mavridi kelgandir. Ayol nomini yanada ulug‘langan va yorimizning muhabbati va sadoqatini asrab qolishning o‘ziga xos yo‘li balki shu oddiygina ro‘molcha tilsimidadir… Qolaversa, milliy urf-odatimizni avlodlar uchun asrab qolish ham insoniylikdandir!

G.Ashurova



Ulashing:

E'lon