logo
. . .


president.uz ma’lumotiga ko‘ra, “Amudaryo” oromgohi Yoshlar ittifoqi tasarrufiga o‘tkazilib, xalqaro darajadagi maskanga aylantiriladi.

Prezidentimiz Surxondaryo viloyatiga avvalgi tashriflari chog‘ida Termiz shahrida “Amudaryo” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohini barpo etish loyihasi bilan tanishib, hududda infratuzilma obyektlarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq bergan edilar.

Shunga muvofiq, Surxondaryo daryosi bo‘yida 200 o‘rinli dam olish maskani qurilib, o‘tgan yil yoz mavsumida foydalanishga topshirildi. Oromgohda umumta’lim maktablarining iqtidorli o‘quvchilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari, imkoniyati cheklangan bolalar dam oldirilib, sog‘lomlashtiriladi.

Maskan 6,2 gektar maydonni egallagan. To‘rtta yotoqxona, amfiteatr, oshxona, suzish havzasi, sport maydonlari, boshqa bino va inshootlar bunyod etilib, zarur inventarlar bilan jihozlangan.

Davlatimiz rahbari muassasada bolalarning maroqli dam olishi, salomatligini mustahkamlashi, ovqatlanishi va yashashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.

Joriy yil mart oyidan oromgoh yil davomida uzluksiz faoliyat yurita boshlaydi. Unga mamlakatimizning barcha hududidan fan olimpiadalari, xalqaro tanlov va sport musobaqalari g‘oliblari bo‘lgan 5-11-sinf o‘quvchilari, yozgi ta’tilda esa viloyatdan ming nafar o‘g‘il-qiz qabul qilinadi.

Bugungi kunda oromgoh O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tasarrufiga o‘tkazilib, uni xalqaro yoshlar oromgohiga aylantirish rejalashtirilmoqda.

Tashrif chog‘ida Yoshlar ittifoqining Sardorlariga Prezident sovg‘alari topshirildi. Bolalar quvonchining chegarasi yo‘q...



Ulashing:

E'lon