logo
. . .


Daraxtlarda kurtak nish urar. Gullarning g’unchasi ham bahor qadami sari bo’y cho’zib qolar. Bamisoli ko’klamga ergashgan qanotdek, kamalak jilolari samoga yo’l chizadi. Osmon uzra quyosh nur sochib,  ko’zni quvnatgancha charaqlaydi. Bahoroyning nafis nafasi yer-u ko’kda ufurib turadi. Gul-u rayhonlarning atri taralib, dillarda hayotbaxsh navo yaratadi. Bahorning betakror manzaralaridan inson qalbida yashashga oshiqqan hislar bolalab ketadi.

Yurak buning zavqidan ilhom olib, go’zallikni, poklikni tarannum etgancha hayotni dam- badam kuylaydi. Bahorning ajib havosidan bahr-u dili ochilib, uning sog’inchidan  dilida ash’orlar uyg’onaveradi. Hayotni sofligicha tarannum etgan she’riyat malikasi —Zulfiyaxonim o’zbek she’riyatiga bahor kabi kirib kelib, uni go’zallik va nafislikka yo’g’rilgan she’rlar chamani bilan yasantirdi.

Ko’klam manzarasidan jo’shqinlanib, har satrlarida uni sof tasvirladi. Bahor kuychisi bo’lganligi bois ham bahorning dastlabki kunida barcha she’riyat oshnolari shoira Zulfiya Isroilovaning boqiy siymosini xotirlaydi. Yana bir sabab, 1915-yil ko’klamning ilk kunida hayot va muhabbat tarannumchisi Zulfiyaxonim tavallud topgan. Ozod Sharofiddinov ta’riflaganlaridek “Bahorning ilk kuni she’riyatimiz yashnagan kundek, bu kunda she’riyatimiz parvoz qilayotganday, navqiron bir she’riyat uyg’onayotganday ko’rinadi”.

Shoiraning  she’riyatga shaydo qalbi uni adabiy to’garaklarda faollikka undab, she’rlar mashq qilishiga sabab bo’ldi. Uning birinchi she’ri 16 yoshida ya’ni 1931-yilda “Men ishchi qiz” nomi ostida “Ishchi” gazetasida chop etildi. Taqdirni qarangki, shoiraning umr yo’li shoir Hamid Olimjon bilan  bog’lanadi. Turmushi qisqa bo’lsa-da, ular bir umrga tatigulik baxtli va mazmunli hayot kechirishdi.

Ayni shu paytlarda Zulfiya turmush bilan ijodni bir maromda olib borishga harakat qilib, “Hayot varaqlari” nomli dastlabki she’riy to’plamini muxlislar e’tiboriga havola etdi. So’ngra uning “Yuragimga yaqin kishilar”, “Yurak hamisha yo’lda”, “Kamalak” singari ko’plab she’riy to’plamlari va turkumlari nashr etildi.

Xalqimiz ko’ngliga yetib borgan   “Oydinda”, “Sensiz”, “Yurak”, “Falak”, “Bahor keldi seni so’roqlab”, “O’g’irlamang qalamim bir kun”, “Bo’m-bo’sh qolibdi bir varaq qog’oz” , “O’g’lim, sira bo’lmaydi urush”, “Mushoira” kabi she’rlari shoira qalbini o’rtagagan dardlarni xalq yuragiga ham ko’chira olgan. Tinimsiz mehnatlari ortidan bir qator yutuqlarni  qo’lga kiritdi .Bu yutuqlar mehnatkash ijodkor uchun qo’shqanot bo’ldi desak to’g’ri bo’ladi.

“Bahor keldi seni so’roqlab” nomli she’riy to’plamining chop etilishi shoira muxlislarini yana bir bor quvontirdi. Zulfiya serqirra ijod sohibasi bo’lib, ijod mahsulining asosiy g’oyasi hayot, go’zallik, muhabbat, sadoqat, vafo, ishonch kabi tuyg’ularni insonlar qalbiga nazm aro jo qilish edi va bu jazm natijasi o’laroq o‘zbek she’riyatiga ayol qalbining nafosati, nazokati va ma’sumligi bilan yo‘g‘rilgan shunday go‘zal tug‘yonlarni olib kirdi. Uning she’rlari beixtiyor kitobxon qalbini intiktirib, junbushga keltiradi va xayolga cho’mishga undaydi. Hayajonli qalbi ajib hislar og’ushida kezadi. Hamda shu bilan birga hayotiy qiziqishini oshirishga, kelajakka umidli ko’zlar ila boqishga, sergaklikka va doim orzular, umidlar sari odimlashga chorlaydi.

Zulfiyaxonim bahor faslining go’zal tabiat manzaralaridan ilhomlangan chog’ida “Bahor kechasi” nomli she’rini yaratdi.

Bahor kechasi
Kecha jimjit, ko‘p go‘zal kecha,
Qaraysanu suqing kiradi.
Yonadi gul, jilmayar g‘uncha,
Yellar g‘ir-g‘ir esib turadi.
 
Bahor kechi tiniq va oppoq,
Borliq to‘lgan gullar hidiga.
Hislar uyg‘oq, tabiat uyg‘oq,
Uyg‘un bo‘lib kishi diliga.
 
Ajab, go‘yo tiniq to‘lin oy,
Hokim sezar osmonda o‘zin.
Baxtli bilar shu dam hoynahoy,
Sayr etgan-chun butun yer yuzin.
 
Tun musaffo, kecha beozor,
Bizdayin sof nafas oladi.
Unda yo‘qdir o‘tmishdagi zor,
Yangi kuyga quloq soladi.
 
Oyda kulish, elektrda nur,
Yuragimda sevgi to‘lqini.
Daydi shamol yeladi hur-hur,
Olib ketar ko‘zdan uyquni.
 
Yerga bahor chaman to‘shagan,
Olma hali gulini to‘kmagan.
Ko‘k baxmalga gullar burkangan,
Lab ochmagan, bulbul o‘pmagan.
 
Ko‘zim tushdi olma guliga,
Dedim, taqsam eng go‘zal birin –
So‘ylab bersa… mening chakkamda,
Dilbarligin, go‘zallik sirin.
 
Shunday go‘zal bahorning guli,
Undan go‘zal biz o‘sgan hayot.
Gul tutadi hur inson qo‘li,
Gulga to‘lgan butun koinot.
 
Shu manzara, shu ajib chaman,
Quchog‘ida sevinchga botdim.
Oqshom zavqin qonib ichib men,
Tog‘ ortiga oyni uzatdim.

Shaxnoza Nurullayeva



Ulashing:

E'lon