logo
. . .


Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda Yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati Kengashi tashabbusi bilan turli loyihalarni qamrab olgan “Yoshlar haftaligi” yuqori saviyada o‘tkazilmoqda. Bugun ushbu haftalik doirasida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi.

Ushbu yarmarkada Navoiy shahridan 60 ta tashkilot va korxona 332 ta bo‘sh ish o‘rini bilan qatnashdi.

Qolaversa, Navbahor, Karmana, Qiziltepa tumanlari ham o‘zida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan yarmarkada ishtirok etdi.

— Men Navoiy davlat konchilik institutini tugatganman. Hozirgi kunda ishsiz edim. Ko‘p joylarga murojaat qildim. Natija bo‘lmadi. Yoshlar ittifoqi tashkil etayotgan ushbu bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasiga qiziqib keldim. Qarangki, Navoiy neft mahsulotlari korxonasiga ishga joylashish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdim. Oylik maoshi ham menbop ekan. Endilikda yangi bosqichdagi faoliyatimni ushbu korxonada boshlayman, —dedi biz bilan suhbatda Iskandar Doniyorov.

Bugun aka-uka Sherzod va Dilshod Sodiqovlar ham Sun’iy tolani yigirish sexida ishga joylashish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Sherzodbek 7 yildan beri ishsizlikdan qiynalib, bugun o‘z sohasi bo‘yicha band bo‘layotganidan nihoyatda xursand. — Yoshlar ittifoqi bizlarni tushunyapti, bizga nima kerakligini o‘z vaqtida payqayapti, — dedi u. — Minnatdorman.

Ko‘proq yoshlar bilan suhbatlashishga harakat qilamiz...

— Bilasizmi, turmush o‘rtog‘im harbiy. Yaqinda Buxoro viloyatidan Navoiy shahriga ko‘chib keldik. Vaqtincha ishsiz edim. Yarmarkada qatnashib, “Sevara tekstil” MCHJga ishga kirish uchun yo‘llanmani hozirgina qo‘limga qoldim. Ham farzandlarimni tarbiyalab, ham jamiyat taraqqiyoti va rivojlanishiga munosib hissa qo‘sha olishimdan xursandman, — dedi yana bir suhbatdoshimiz Sarvinoz Adizova.

Yarmarka davomida 66 nafar aholi va yoshlar ishga joylashish bo‘yicha yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda Yoshlar ittifoqi yoshlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha Respublika bo‘ylab yagona mexanizm joriy qilgan. Natijalar yomonmas.



Ulashing:

E'lon