logo
. . .


Ertalab maktabga kelsam, hammaning og‘zida bir gap: “Kecha to‘yxonaga ketayotgan kelin-kuyovga yo‘l-patrul xizmati xodimlari kattagina jarima solibdi. Kamiga ijaraga olingan o‘n beshta so‘nggi rusumdagi avtomobil jarima maydonchasiga eltib qo‘yilgan”.

Voqea aslida bunday bo‘lgan: videotasvirga olayotgan yigitning taklifiga ko‘ra, avtomobillar ko‘chani to‘ldirib to‘rt qator bo‘lib safga tizilgan. Natijada, tirbandlik yuzaga kelib, avtoulovlarning harakatlanishiga halaqit bergan. Yo‘lovchilar orasida to‘lg‘oq tutgan ayolini tug‘ruqxonaga olib ketayotgan kishi ham bor edi. Dard chekayotgan umr yo‘ldoshining ahvoli og‘irlashgach, u yo‘lning narigi betidagi yo‘l-pat­rul xizmati xodimlariga muammoli vaziyat haqida xabar bergan. Ular bu tomoshani to‘xtatib, qatnovni izga solgan. Yo‘l harakati qoidalarining bir necha bandlarini buzgan, yo‘lda tartibsizlikni yuzaga keltirgan aybdorlar javobgarlikka tortilgan.

Nikoh oqshomlaridagi dabdaba-yu, kimo‘zarlik holatlari ijtimoiy hayotimizning og‘riqli nuq­tasiga aylandi. Ommaviy axborot vositalari orqali tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilayotganiga qaramay, ayni damda “o‘zi xon, ko‘lankasi maydon” bo‘lgan ba’zi o‘zboshimchalar hanuzgacha isrofga yo‘l qo‘ymoqda.

Besh qo‘l barobar bo‘lmaganidek, hammaning moliyaviy sharoiti turlicha. Kimningdir cho‘ntagi dabdabani ko‘tarsa, boshqa birovning qo‘li kaltalik qiladi. Ammo jigarbandining so‘raganini mu­hayyo qilishga o‘rganib qolgan ota-onalar umr bo‘yi yig‘ib-terganini bir kunlik hoyu havas, deb ko‘kka sovurish bilan ovora. Koshkiydi, bu fidoyilikni yoshlar qadrlasa. Ertamiz egalarining xudbinona xatti-harakati yaqinlar mehrini suiiste’mol qilishdan o‘zga narsa emas.

Dadamning aytishicha, bundan yigirma-o‘ttiz yil avval yigit-qizlarimizda or-nomus, ibo-hayo, andisha tushunchalari yuqori bo‘lgan. To‘ygacha ikki yosh ham qallig‘ining oila a’zolaridan uyalib, ulardan o‘zlarini olib qochgan. Bugun esa, aksini ko‘ryapmiz. Kuyovto‘ralar nikohdan oldin bo‘lg‘usi umr yo‘ldoshini oila a’zolari bilan tanishtiradi. Bu ham yetmaganidek, aksar qizlarimiz kelinlik uyi ostonasidan o‘tmay turib, kuyovning onasi bilan bozorga tushmoqda.

Ayniqsa, kelinga qo‘shib maishiy texnika va mebellar do‘konlarini uyiga ko‘chirib kelish istagidagi qaynonalarning nafsi tiyilsa, quda-andachilikdagi ni­­zo­lar barham toparmidi?! Kundan-kunga soni oshayotgan sarpo buyumlari ro‘yxatini ko‘rib, kelinning ota-onasiga achinasan, kishi. Ikki yoki uch xona uyni bosh­dan-oyoq jihozlab berishning o‘zi bo‘ladimi, axir?! Bu ketishda qiz farzand tug‘ilishidagi noroziliklar va oiladagi mojarolar ko‘payishi turgan gap.

Bugun epli kelin emas, sepli kelin izlash urfga aylanib qoldi chog‘i. Yashirib nima qildik, “zamonaviy” kuyovlar egnidagi ko‘ylagidan tortib, ignayu tugmachasigacha qiz tomondan olyapti. Bu moddiy emas, ma’naviy qashshoqlikning o‘zginasi-ku! Oqibatda topganini to‘yga sarflagan ota-ona qolgan umrini ham mehnatga sarflab, yiqqanini qarz to‘lashga, orttirganini esa, davomiy orzu-havaslarga ishlatishga majbur. Shu bilan yoshlar tinchib, ahil-inoq yashab ketsa yaxshi, kelishib ketolmasa-chi?

Ana shunday muammolarning kelib chiqishi aynan farzand tarbiyasidagi nuqsonlarga borib taqaladi. To‘ydan oldingi va keyingi mashmashalar davom etmasligi, dabdabali to‘y illatidan qutulishimiz uchun tarbiyani, avvalo, o‘zimizdan boshlashimiz kerak.

Aziz yoshlar! Mehribon ota-­onalarimiz bizni asrab-­avaylab, voyaga yetkazib, barcha xohish-istaklarimizni bajaradi. Mehr­-­muruvvat ko‘rsatish nav­bati endi bizga yetdi. Bundan buyon keraksiz dabdaba uchun ota-onamizni halovatdan mosuvo etmaylik. Axir, nikoh kechasini qator avtomobillar, shohona to‘yxonalaru “Love story”larsiz ham chiroyli o‘tkazish mumkin. Keling, asl qadriyatlarimizni saqlab qolaylik! Bir necha soatda o‘tadigan to‘y uchun millionlarni havoga sovurmasdan, ota-onalarimizni sihatgohlarga, ziyoratlarga yuboraylik.

Kim boshlar ekan, deb kutib o‘tirmang. O‘zingizdan boshlang, tengdoshim!

Otabek BAKIROV, o‘quvchi

Manba: Yoshlar ovozi gazetasi



Ulashing:

E'lon