logo
. . .


Prezidentimiz raisligida 2017-yil 15-noyabr kuni mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlab, o‘tkazilgan yig‘ilishda yoshlar tomonidan sodir etiladigan huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, shuningdek, yoshlarga sud tomonidan jazo tayinlashda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining kafolat xatiga asosan, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turini tayinlash mexanizmini joriy etish bo‘yicha taklif bildirilgan edi.

Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘rtasida yoshlar masalalari sohasida o‘zaro hamkorlik Memorandum imzolangan edi.

Hamkorlikka asosan, Navoiy viloyat Kengashi raisi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi bilan ayblangan Elyor Bo‘riyev jinoyat ishi bo‘yicha jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etdi.

Bo‘riyev Elyor Navoiy shahri, Lomonosova ko‘chasida ota-onasi bilan birga yashaydi. Uning oilasi namunali oilalardan hisoblanib, bunday nojo‘ya harakatni ilgari umuman sodir etmagan.

Yoshlar ittifoqining Navoiy viloyati va Navoiy shahar Kengashi tomonidan uning harakatlari tahlil qilindi. Va tashkilot uni kafillikka olishga qaror qildi.

E.Bo‘riyevning qilmishini bilmagan holda sodir etganligini, muqaddam sudlanmaganligini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, sodir etgan qilmishining jinoyat ekanligini tushunib yetmaganligini inobatga olib, unga nisbatan qo‘llanilgan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazosi bekor etilib, sudlanuvchi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi kafilligi ostida sud zalidan ozod etildi.

Elyor Bo‘riyev haqida...

Toshkent davlat sharqshunoslik institutini tamomlagan. Xitoy Xalq Respublikasining “HENAN” universitetida tahsil olgan. Xitoy, ispan, rus, ingliz tillarini mukammal biladi.

— Men, avvalambor Prezidentimga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. O‘zimga, bilimimga ishonaman. Va’da beraman. Kelajakda yurtimga nafi tegadigan yetuk kadr bo‘laman. O‘zbekiston va Xitoy xalqi bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatishga, yurtimning taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shaman, — dedi Elyorbek.

Sud zalidan ozod etilgan Elyorbek o‘zini ota-onasi bag‘riga otdi. Uning so‘zlarida qat’iylik, o‘ziga bo‘lgan ishonch ko‘rinib turardi. Uning boshqa hech qachon hayotda qoqilmasligini tiladik.



Ulashing:

E'lon