logo
. . .


Havo dim. Ko‘chaga chiqqan odamni yozning jaziramasi kuydiradi. Yaxshisi xonamga kirib «arxiv» suratlarni tomosha qilganim ma’qul. Oilaviy albomni qo‘limga oldim-da, birin-ketin ko‘zdan kechira boshladim. O‘tgan asrning 80-90-yillarida tog‘amning do‘stlari bilan tushgan surati e’tiborimni tortdi. Negadir ularning bolalikdagi rasmlarini faqat oq-qora fonda ko‘rganim uchunmi, tog’am yashagan davrni ham oq-qora rangda tasavvur qilaman. Haligi surat ham oq-qora bo‘lib, undan bosmaxonaning hidiga o‘xshash gidroxinon moddasining hidi ufurib turardi. Klyosh usulida tikilgan keng pochali shim va parikka o‘xshash soch turmagi… Ular uchun urf hisoblangan bu kiyinish uslubi menga kulgili tuyuldi. Buni qarangki, zamon zamonni tan olmas ekan. Balki, biz «moda» deb hisoblaydigan hozirgi yurish-turishimizni, tizzasi yirtiq shimlarimizni, soch turmaklash uslubimizni ko‘rib kelajak avlod ham kulsa kerak. Surat ko‘rishni davom etar ekanman, bundan 70 yil avval tushgan rasmlarini ko‘rib qoldim. Ular hech qanday pardozsiz ham nihoyatda go‘zal edilar. Sochlari qirqkokil qilib o‘rilgan, egnilarida esa bo‘g‘ma yoqa usulida tikilgan oddiy chit ko‘ylak, boshlarida hoshiyali qora do‘ppi. Haqiqiy o‘zbek qizi. Sog‘inch hissi butun vujudimni qamrab oldi. Albom tomosha qilib vaqt o‘tib ketganini ham sezmay qolibman. Suratlarni taxlab joyiga qo‘yib qo‘ydim.


Oradan ikki – uch kun vaqt o‘tdi. Men hamon ko‘rgan «arxiv» rasmlar ta’sirida yurardim. Miyamda faqat bitta savol: Kelajakdagi bolalarim o‘z farzandlariga «mana shu sening buving bo‘ladi» deb mening qanday suratimni ko‘rsatishar ekan? Endi sizni ham shu savol o‘ylantirayotgan bo‘lsa kerak. Qiziq, ularda bizning fotosurat shaklidagi rasmimiz bo‘larmikan? Chunki, oxirgi marta qachon rasm ishlatib uni olib qo‘yganimni eslay olmayman. Balki, kelajak avlod suratlarimizni «shart it» orqali olishar, balki ijtimoiy tarmoqdagi profillarimizdan. Shunday bo‘ldi deb tasavvur qilaylik…


… 2080 yil. Ular telefonimizdagi rasmlarni qayerdandir topishdi yoki ijtimoiy tarmoqdagi profilimizga tashrif buyurdilar. Ana endi ko‘ring muammoni! Telefonimiz, akkauntlarimiz bekorchilikdan tushgan rasmlarimizga to‘lib yotibdi. Ularning qaysi birini ko‘rishsin? O‘pmoqchi bo‘lgandek «o‘rdakog‘iz» bo‘lib tushgan rasmlarimiznimi, tilimizni chiqarib boshimizdan chiqib turgan quyon, mushuk, ayiqlarning quloqlari bilan tushgan yoki xuddi qilgan ishidan uyalgandek yuzimizni bekitib, ammo chiroyli poseda turgan suratlarimiznimi?

Son-sanoqsiz rasmlarimizni tomosha qilishar ekan, ularning internet trafigi tugab qoldi. Shuncha ramlarimizni ko‘rgani, ma’nosiz statuslarimizni o‘qigani megabayt qanday yetsin? Axir har «sekund»iga rasm joylashtiramiz. Oramizda nima qilishini bilmay bekorchilikdan «zerikdim» deb ijtimoiy tarmoqqa yozib qo‘yadiganlar ham yo‘q emas. Kelajak avlod buni ko‘rib negadir o‘z buvi-buvalaridan faxrlanishmadi. Menimcha, bu yerda «negadir» so‘zi noo‘rin. Imloviy xatolarga to‘lib yotgan statuslarimizni, bema’no suratlarimizni ko‘rib kim ham faxrlanardi? Ular uchun havas qilib o‘rnak bo‘la oladigan inson bo‘la olmadik…(bu taxminan 2080 yillarda bo‘lib o‘tayotgan voqealar)


2017 yil. O‘z zamonamizdamiz. Hali hech narsa amalga oshmagan. Ayni damda bu narsalarni o‘zgartirish o‘z qo‘limizda. Nafaqat ijtimoiy tarmoqda, balki hayotda ham o‘zimizni tutib olsak, profilimizga reklama tarzida joylashtirilgan nima yeb-nima ichayotganimiz, nima kiyib yurganimiz to‘g‘risidagi rasmlarni kamaytirib, akkauntlarimizni muhim voqealar, jamiyatga foydasi tegadigan postlar bilan boyitsak, maqsadga muvofiq bo‘lardi.


Robiyabonu Nuraliyeva, O’zDJTU talabasi



Ulashing:

E'lon