logo
. . .


2003-yilda murg’ak go’dak yurak nuqsoni bilan hayotga keldi. Urganch davlat universitetida ko’cha tozalovchi sifatida ishlaydigan onasi va maktab-internatida santexnik bo’lib ishlaydigan otasi ikkinchi farzandining bu tarzda tug’ilishini xayollariga ham keltirishmagandi.

Davolatay deyishsa, oylik maoshlari yetmaydi. Ular Nasibani har tomonlama avaylashdi, asrashdi. Oldinda esa qizaloqni maktab tahsili kutardi. Maktabda ta’lim olish esa Nasiba Rajabovaning sog’ligini yomonlashtirib qo’yishi mumkin edi. Nihoyat, uyda ta’lim berishni boshlashdi. Nasiba rasm chizishga qiziqadi. U tabiat manzaralarini maromiga yetkazib chizadi. Negaki, yuragi bezovta qila boshlaganida tog’ havosi uni qorong’u zulmat domidan yorug’likka olib chiqishini bilardi.

Shu yil Nasiba Urganch shahrida qad rostlagan «Yoshlar markazi»dagi Inklyuziv ta’lim markaziga keldi va markaz rahbari Muyassar Qurbonovna yordami bilan shahardagi 1-sonli san’at maktabiga o’qishga qabul qilindi. Haftasiga 2 soat dars oladigan Nasiba yurak dardidan nafasini rostlaydi-da, so’ng rasm chizishga kirishib ketadi.

Ayni vaqtda u o’z kasbining malakali mutaxassislaridan bilim olmoqda. Nasiba nafaqat rasm chizadi, balki hikoyalar va she’rlar yozishni ham mashq qilib turadi.

Endilikda u “Kamalak” bolalar tashkiloti tomonidan o’tkazilishi rejalashtirilgan tanlovlarda ham ishtirok etish niyatida.

Nasibada hayotga intilish kuchli. U hayotda shunchaki yashashni emas, maqsadli yashashni afzal ko’radi!



Ulashing:

E'lon