logo
. . .


Yoshlar yetakchisidan namuna olgan Xorazm viloyat Kengashi xodimlari Gurlan tumanidagi eng chekka qishloq, Turkmaniston Respublikasi bilan chegaradosh, tuman markazidan 70 km uzoqlikda bo’lgan Guliston qishlog’ining yoshlari, aholisi, imkoniyati cheklangan yoshlari holidan xabar oldi.

4 ta ishchi guruhga bo’lingan viloyat Kengashi xodimlari, faol yoshlar va hokimlik vakillari ishtirokida o’nlab maktablar va kasb-hunar kollejlari o’quvchilari bilan suhbatlashdi, ularning muammolarini o’rgandi. Iqtidorli va faol o’quvchilarga kitoblar sovg’a qilindi.

Shuningdek, qishloqning turli mahallalari oilalari bilan yaqindan tanishib, notinch oilalar, jinoyatchilikga moyilligi bo’lgan oila farzandlari bilan uchrashildi. Dildan suhbatlar qurilib, ularga amaliy yordam ko’rsatishga erishildi.

Qishloqdagi imkoniyati cheklangan yoshlar holidan xabar olindi. Ittifoqning ko’magi bilan 6-sinf o’quvchisi Sarvarbek Boltaboyevga nogironlik aravachasi taqdim etildi.

Ota-onasidan ajralgan 17 yoshli qiz qaramog’ida qolgan 2 nafar ukalarini bir o’zi nafaqa evaziga ta’minlayotgan Nasiba Abdullayeva joyning o’zida qishloqdagi 33-sonli maktabgacha ta’lim muassasasiga ishga joylashtirildi.

— Hech kutmagandim bunday yordamni. Bosh urib bormagan joyim qolmagandi. Bugun uyimga Yoshlar yetakchisi Mansurbek Masharipov tashrif buyurdi va meni MTMga yordamchi tarbiyachi lavozimiga ishga joylashtirib qo'ydi. Minnatdorman sizlardan,— dedi Nasiba ko’ziga yosh olib.

2 nafar ukasini bir o’zi tarbiyalayotgan Nasiba chin yetim. Ota-onasining vafotiga bir necha yillar bo’lgan. Yaqin qarindoshlari esa xabar olmay qo’yishganiga ham ancha bo’lgan. Turli to'lovlardan jamlanib qolgan qarzi ham joyning o’zida tuman Kengashi tomonidan qoplandi.

Keyingi manzilda Maraljon opa Hojiboyevaga amaliy yordam berildi. U 3 nafar farzandning onasi. Ikki farzandi soppa-sog’. Ammo uchinchi farzandi tug’ma nogiron. Ota-onasini elas-elas taniydi, yura olmaydi, o’tirmaydi ham. Ammo eshitadi. Maraljon opaga mahalla bilan hamkorlikda kir yuvish mashinasi sovg’a qilindi.

Bir mahallaning o’zida ajrimga yuz tutayotgan oilalar ham Ittifoq va tuman hokimligi vakillari tomonidan yarashtirib qo'yildi.

Xorazmda “Yoshlar haftaligi” davom etmoqda…



Ulashing:

E'lon